Giperaktivlik buzilishi bolalarda eng keng tarqalgan neyrorivojlanish kasalliklaridan biridir. Maktab yoshidagi bolalarning taxminan 3-5 foizi giperaktiv. Giperaktiv bolalar ko‘p gapiradi, tez-tez boshqalar gapini to‘xtatadi, uy vazifasini bajara olmaydi. Ular juda sabrsiz yoki asabiy holatda bo‘lishadi.

Giperaktivlik ko‘z kasalligi bilan ham bog‘liqmi? Ma’lumki, ruhiy buzilishlar insonning kundalik faoliyati va umuman hayotiga ta’sir qiluvchi turli xil belgilar va alomatlarga ega. Giperaktivlik, autizm, itoatsizlik kabi kasalliklar ruhiy buzilishlar shakliga kiradi. Bunda giperaktivlikning ko‘z kasalligi bilan qanday bog‘liq jihatlari bor?

Oftalmolog shifokor Zulfiya Maqsudova mavzu yuzasidan quyidagilarni gapirdi.

– Juda ko‘p ota-onalardan shu haqda murojaat bo‘ladi. Ular bolam maktabda joyida tinch o‘tirmaydi, yaxshi o‘qimaydi, talab qilsangiz ham yozmaydi, hech narsa bilan astoydil shug‘ullanmaydi, deya nolishadi. Ammo ko‘pchiligi bolalardagi bu holatning sabablariga e’tibor bermaydi. Bu holatda bolani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda kompleks yondashuv zarur.

O‘rganishlarga ko‘ra, giperaktiv bolalar aksariyatining ko‘zi yaxshi ko‘rmasligi aniqlangan. Tasavvur qiling, ko‘zi yaxshi ko‘rmagan bolaga atrofdagilarning xatti-harakatlari ham, o‘qish va yozish ham qiziq emas. Giperaktivlik asab tizimining muvozanatsizligi belgisi bo‘lib, bunday bolalarda e’tiborsizlik va impulsiv xatti-harakatlar yaqqol seziladi.

Yana shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, giperaktivlik o‘g‘il bolalar orasida keng tarqalgan. Ushbu ruhiy buzilishda barqaror giperaktivlik, e’tiborsizlik va impulsiv xatti-harakatlar ko‘rinadi. Bolalarda giperaktivlik belgilari odatda maktabga kirishdan oldin paydo bo‘ladi.  Bu vaziyatda bolaga tibbiy ko‘mak zarur. Bolalarning uydagi va maktabdagi muammolari maxsus tibbiy xizmat ko‘rsatish orqali ancha kamayadi.

Buning uchun bola organizmi hech bir dorilarsiz neyrofiziologik balansga keltiriladi. Bola organizmidagi puls va nafas olish bir-biriga moslashtirilishi kerak. Bu terapiya bio-boshqaruv deyiladi. Shuningdek, ko‘zni tekshirishda bolaning ko‘z raqamlari o‘lchanadi, ko‘z mushaklari va harakatlari tekshiriladi, ko‘z qorachig‘i kengayadi va ko‘z ichi tuzilmalari baholanadi. Kerakli muolajalar amalga oshirilganidan  so‘ng, bolalardagi giperaktivlik pasaya boshlaydi.

Ko‘zlar bolalarga dunyoni o‘rganish va muloqot qilishda muhim rol o‘ynaydi.

To‘g‘ri, bolalarda uchraydigan ko‘z kasalliklarining ba’zi turlari tug‘ma hisoblanadi. Ammo so‘nggi paytlarda telefon va kompyuter o‘yinlariga mukkasidan ketish natijasida bolalarda ko‘z kasalliklari keskin ko‘paygan.  Eng yomon tomoni, bola o‘zida kechayotgan ko‘z kasalliklarini tushunmaydi va ota-ona ham buni  tez  ilg‘amaydi. Ko‘zning yaxshi ko‘rmasligi yillar o‘tgan sari bolaning bilim saviyasining pasayishiga hamda boshida og‘riq paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Kelajakda ko‘zning ko‘rish nervi yaxshi rivojlanmasligi hisobiga ko‘rish analizatori to‘liq ishlamaydi.

Bolalardagi ko‘z kasalliklari, ko‘rish nuqsonlari va ko‘z sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar erta yoshda aniqlansa, samaraliroq davolanadi. Shuning uchun bolalarning ko‘z sog‘lig‘ini himoya qilish va yaxshilash uchun muntazam ravishda ko‘zni tekshirish muhimdir.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA