Moskvadagi qonli hujumning birinchi haftasi yakunida mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi hisobotiga ko‘ra, 143 nafardan ortiq inson vafot etgan. Prezident matbuot xizmati voqeadan keyin Putin “Krokus”ga nima uchun bormaganini tushuntirdi. Aytilishicha, tashrif rejada bo‘lmagan, qolaversa, shtab ishiga xalal berishi mumkin ekan.

So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, Tojikistonda mamlakat milliy xavfsizlik qo‘mitasi teraktga aloqador 9 kishini hibsga oldi. Hujumni oqlagan, izoh yozganlarni ham qamash boshlangan. ISHID fojia uchun javobgarlikni zimmasiga olgan, Kreml esa xurujda Kiyevning qo‘li borligiga ishonadi. Qo‘shma Shtatlar va Ukraina buni keskin rad etmoqda.

RFda migrantlar ustidan nazorat kuchaytirilgan. Tojikiston fuqarolari orasida Rossiyaga uchib ketish ko‘rsatgichi keskin tushib ketib, Rossiyadan qaytuvchilar soni oshgan.

Bu gal ham G‘azodagi xunrezlik haqida gapirishga majburmiz. Falastinliklarni yorug‘lik tomon eltuvchi biror yo‘l ko‘rinmayotgan bir paytda xalqaro tashkilotlar, davlatlar hamon muhokamadan nariga o‘tmayapti. Birlashgan Millatlar Tashkiloti 25-mart kuni G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiya qabul qildi. Ovoz berish jarayonida Qo‘shma Shtatlar betaraf qoldi. Hujjatda Isroillik asirlarni ozod qilish, G‘azoga gumanitar yordamni kuchaytirish va Ramazon oyida o‘t ochishni to‘xtatish zarurligi ifodalangan. Afsuski, muqaddas oyning yarmidan ko‘pi o‘tib bo‘ldi.

XAMAS yangi shartini ma’lum qildi: qo‘shin to‘liq chiqib ketmaguncha, asirlar garovda ushlab turiladi.

– Rahbariyat shiddati maydondagi holatdan kam bo‘lmagan muhokama jangini ham davom ettiryapti, – dedi XAMAS guruhining xorijdagi vakolatxonasi rahbari Xolid Mashal. – Xudo xohlasa, biz ularni jang va muhokamada mag‘lub etamiz.

Gaagadagi xalqaro sud Isroildan G‘azodagi ochlikni tugatishni talab qilmoqda. Bu bayonot Isroilni genotsidda ayblagan Janubiy Afrika arizasi doirasida qabul qilingan.

Ushbu jarayondan keyin Netanyaxu XAMAS bilan yangi muzokaraga tayyorligini bildirdi. Tez kunda Misr va Qohirada muhokama boshlanadi. Bu haqda “CNN” xabar bergan.

“Washington Post” Pentagon va Davlat departamentidagi manbalarga tayanib bergan ma’lumotga ko‘ra, AQSH 2,5 mingga yaqin turli xil bomba va 25 qiruvchi samalyot Isroilga jo‘natilishini ma’qullagan. Harbiy paket qiymati bir necha milliard dollarga teng. G‘azo esa G‘arb davlatlarini havodan yordam jo‘natishni to‘xtatishga chaqirdi, chunki yordam paketlari insonlari bosib qolib, halok qilmoqda. Yordam qabul qilib olishga chiqqan o‘nlab odamlar dengizga cho‘kib ketgan.

Isroil mudofaa kuchlari G‘azo bilan chegarada xavfsiz bufer zonasini qurmoqda. Buning natijasida sektor shimoliy va janubiy qismga bo‘linib qoladi. Shuningdek, hududda sharqdan g‘arbga kesib o‘tuvchi bufer chiziq va aholini nazorat qilish imkonini beruvchi yo‘lak qurila boshlandi. Bu haqda Isroil matbuoti xabar berdi.

Shu kunlarda Kiyevda xavfsizlik chorasi kuchaytirilgan. Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov Rossiya zarbalarining 97 foizi aholiga qaratilganini aytgan.

“The Wall Street Journal” yozishicha, Ukrainadagi urush Putinga har kuni 300 million dollarga tushmoqda. Ushbu raqam sanksiya ta’siri va qurollanish xarajatiga taalluqli emas. “RIA Novosti” nashri 2022-yildan beri xorijiy kompaniyalarning Rossiya bozorini tark etishidan ko‘rilgan yo‘qotish 107 milliard dollardan oshganini taxmin qilgan. Ukraina dronlarining Rossiya neft sanoati obektlariga hujumi tufayli benzin va dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish qisqardi. Avvalroq Qo‘shma Shtatlar neft narxi oshib ketishidan qo‘rqib, Ukraina hukumatini neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berishni to‘xtatishga chaqirgandi.

Vladimir Zelenskiy “CBS” telekanaliga bergan intervyusida rus qo‘shinlari bahor oxiri yoki yoz boshiga mo‘ljallangan jiddiy hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani, buning uchun ko‘proq yordam kerakligini aytgan. AQSHdagi ichki qarama-qarshilik tufayli haligacha Ukrainaga ajratilgan 60 milliard dollarlik harbiy yordam tasdiqlangani yo‘q.

G‘arb davlatlarining Kiyevga yordamini amalga oshirish tashabbusi bo‘yicha yetakchi hisoblangan Makron Ukraina tez orada qulashi mumkinligini bildirdi. Latviya Bosh vaziri aytishicha, Fransiya Prezidentining qo‘shin yuborish rejasi puxta o‘ylanmagan.

Sardorbek Poyonov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA.