BMT Xavfsizlik Kengashi G‘azo sektorida “zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish”ga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi, deb xabar berdi “BBC News”.
Hujjat barcha garovga olinganlarni darhol, shartsiz ozod qilishni talab etadi. Rezolyutsiya musulmonlar uchun muqaddas hisoblangan Ramazon oyida “uzoq muddatli sulh” tuzish uchun harbiy harakatni to‘xtatishga chaqiradi. Bu Isroil va XAMAS o‘rtasida urush boshlangandan beri BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan ma’qullangan ilk shunday chaqiriqdir.
G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi avvalgi rezolyutsiyalarni rad qilgan AQSH bu safar ovoz berish jarayonida betaraf qoldi. Kengashning doimiy bo‘lmagan o‘n a’zosi tomonidan yozilgan va qabul qilingan mazkur rezolyutsiya Mozambik vakili tomonidan kiritilgan. Hujjat uchun Xavfsizlik Kengashining 14 a’zosi ovoz berdi. Jumladan, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya va Fransiya qo‘llab-quvvatladi.
–Ushbu rezolyutsiya amalga oshirilishi kerak, rad etishni kechirib bo‘lmaydi, – degan BMT rahbari Antoniu Guterrish.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroil delegatsiyasini AQSHga yubormaslikka qaror qilgan edi. Oxirgi ma’lumotga qaraganda, hukumat boshlig‘i G‘azodagi Rafoh shahriga ehtimoliy quruqlik hujumini muhokama qilish uchun Vashingtonga vakil yuborishga rozi bo‘lgan. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per ma’lum qildi.
Ushbu voqealar asnosida Davlat departamenti xodimi Annel Shelin Bayden ma’muriyati Isroil agressiyasini qo‘llab-quvvatlayotganiga norozilik sifatida iste’foga chiqdi. 38 yoshli Shelin Yaqin Sharq masalasi bo‘yicha idoraning tashqi ishlar bo‘limida ishlagan. CNN saytida e’lon qilingan tegishli maktubida u “bunday vahshiylikka yo‘l qo‘yadigan ma’muriyatga xizmat qila olmasligi”ni bildirgan.
BMT Falastin hududidagi huquq holati bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze falastinliklarga qarshi jinoyatni genotsid, deb atadi. U Isroil zo‘ravonligi haqidagi hisobotini “Genotsid anatomiyasi” deya nomlagan. Darvoqe, Isroilning BMTdagi vakili ushbu yig‘ilishda qatnashmagan.
Voqealarni kuzatarkanmiz, G‘azodagi urushni to‘xtatishga urinish besamar ketayotgandek ko‘rinadi. Baribir, urushni yoqlovchi tomonlarning turli xil chiqishlariga qaramasdan, insonparvar kuchlar harakati samara berishiga umid bor. Dunyo “G‘azoda urush to‘xtadi” degan gapni eshitish istagida.
K. Bekjonov. UzA