O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining 2023-yil faoliyati natijalari yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda Prezidentimiz rahbarligida keyingi yillarda davlat fuqarolik xizmatida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, soha sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotgani qayd etildi.

Agentlik tomonidan 2023-yilda davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish sohasida qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, davlat xizmatiga eng munosiblarni tanlab olish yo‘nalishida vacancy.argos.uz portali ishga tushirildi. Portal orqali 68 vazirlik va idora hamda barcha tuman (shahar) hokimliklaridagi  24 ming 256 vakansiya bo‘yicha ma’lumot taqdim etildi.

Vakansiyalar bo‘yicha 730 mingdan ortiq nomzod o‘rtasida tanlovlar o‘tkazildi. Natijada 10 ming 137 nafari ishga qabul qilindi. Tanlov g‘oliblarining 3,5 mingdan ziyodi 30 yoshgacha bo‘lganlar, 3,5 mingdan ortig‘ini ayollar, 1 ming 626 nafarini davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilinganlar tashkil etdi.

Munosib kadrlar zaxirasini shakllantirish yo‘nalishida “zaxira.argos.uz” portali ishga tushirildi. Mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari orasida natija ko‘rsatgan ming nafar nomzod Salohiyatli kadrlar zaxirasiga saralab olindi hamda mehnat faoliyatida ijobiy yutuqlarga erishgan nomzodlarning 145 nafari agentlikning tavsiyasiga asosan yuqori lavozimlarga tayinlandi. Shuningdek, “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturining 99 nafar bitiruvchisi ham Milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi.

Inson resurslarini boshqarish jarayonini raqamlashtirish bo‘yicha  “hrm.argos.uz” elektron platformasi ishga tushirildi. 2023-yil 1-noyabrdan boshlab barcha hujjatlarni “hrm.argos.uz” elektron platformasida yuritish boshlanib, 2 ming 668 tashkilot mazkur platformaga ulandi hamda 93 mingdan ortiq davlat xizmatchisining ma’lumotlari raqamlashtirildi.

Agentlik tomonidan hududlarda tashkil etilgan 100 dan ortiq malaka oshirish kurslarida 5 ming 730 nafar quyi bo‘g‘in davlat xizmatchilari ishtirok etdi. Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda 2 ming 344 nafar respublika va mahalliy darajadagi rahbar kadrlar uchun malaka oshirish kurslari o‘tkazildi.

Ilm.argos.uz masofaviy ta’lim portali ishga tushirildi, unda 390 dan ortiq videomaterial, 240 dan ortiq elektron adabiyot joylashtirildi. Tashkil etilgan masofaviy o‘quv kurslarida

7 mingdan ziyod rahbar kadrlar va davlat xizmatchilari ishtirok etdi.

Davlat fuqarolik xizmatida baholash (KPI, EMSK) tizimini joriy etish bo‘yicha 208 tuman va shaharda hokim o‘rinbosarlari hamda sektor rahbarlari faoliyati baholanib, ularning reytingi shakllantirildi.

Ularning faoliyati samaradorligini baholashni raqamlashtirish bo‘yicha “samaradorlik.uz” elektron platformasi ishga tushirildi. Aholining hokimlik va sektorlarning ijtimoiy sohadagi faoliyatidan qoniqish darajasini aniqlash maqsadida 9 ming 400 dan ortiq  mahallada 123 mingdan ortiq respondent orasida so‘rovnoma o‘tkazildi.

Davlat xizmatchilarining huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida to‘rtta kompleks o‘rganish va 261 monitoring o‘tkazilib, 1 ming 792  qonunbuzilishi aniqlandi, 18 nafar aybdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Ish rejimiga rioya etilishi bo‘yicha 1 ming 174 davlat organida monitoring o‘tkazilib, 163 tasida 540 nafar xodim dam olish kunlari va ish vaqtidan tashqari ishga jalb etilgani aniqlandi. Natijasi bo‘yicha 163 nafar rahbarga ogohlantirish va yozma ko‘rsatmalar berildi hamda 11 nafar mansabdorga 47,6 million so‘m ma’muriy jarima qo‘llanilishi ta’minlandi.

Agentlik tomonidan kelgusida “Xalqchil va professional davlat fuqarolik xizmati – 2030” strategiyasi ishlab chiqiladi. Tanlov tizimini takomillashtirish, bunda tizimda inklyuzivlikni oshirish, test va suhbat jarayonlarida obyektivlikni oshirishga e’tibor qaratiladi.

“Davlat xizmatining raqamli platformasi” ishga tushiriladi.  Davlat xizmati ma’lumotlari uchun BI (Business intelligence) tahlilini joriy etish, davlat fuqarolik xizmati tashkilotlarini “jozibador ish beruvchi sifatidagi brendi”ni yaratish bo‘yicha amaliy tadbirlar olib boriladi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA