Germaniyada dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan an’anaviy Bremen Masters turnirida Iskandar Rasulov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolarining uch nafari shohsupaga ko‘tarildi.
40-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan ushbu nufuzli musobaqada 25 ta davlatning 600 nafardan ziyod yosh dzyudochilari ishtirok etdi. Shiddatli bellashuvlar yakuniga ko‘ra, terma jamoamiz a’zolaridan Mardon Ravshanov -81 kilogramm vaznda barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalini qo‘lga kiritdi.
Ravshanov 1/2 finalda yaponiyalik Suzukidan, finalda braziliyalik Luan Almeydani dog‘da qoldirdi. -90 kilogramm og‘irlikda tatamiga chiqqan Alisher Samanov ozarbayjonlik Aslan Kotsoyev bilan bellashib, kumush medalga ega chiqdi.
-73 kilo og‘irlikda yurtimiz sharafini himoya qilgan Hojiakbar Toshev esa bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Umumjamoa sarhisobiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi kuchli uchlikdan joy oldi. Katta tarkib bilan ishtirok etgan Ozarbayjon terma jamoasi 4 ta oltin, 3 ta bronza medali bilan 1-o‘rinni, dzyudo vatani vakillari bo‘lgan yaponiyaliklar esa 2 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan 2-o‘rinni band etishdi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA