So‘nggi yillarda Ukraina ilmiy infratuzilmasi jiddiy zarar ko‘rgan. Yaqinda UNESSO ayni yo‘nalishda olib borilgan tadqiqot natijasini hisobot tarzida e’lon qildi.
Hujjatda keltirilishicha, 2022-yil fevral oyidan buyon 1 443 muassasa va laboratoriya, shuningdek 750 ilmiy asbob-uskuna shikastlangan yoki yo‘q qilingan. Bundan tashqari mamlakat ilmiy hamjamiyatini moliyalashtirish sezilarli darajada qisqardi.
– Vaziyat tobora keskinlashmoqda, Ukrainadagi ilmiy tadqiqot jarayonini himoya qilish, qo‘llab-quvvatlash kerak, – deydi YUNESKO Bosh direktori Odri Azule. – Olim, muhandis va boshqa mutaxassislar mamlakatni tiklashda muhim rol o‘ynaydi, bu soha butun dunyo uchun innovatsiyaning qimmatli manbai ekanini aytmasa ham bo‘ladi.
Rossiya amaliyotidan oldin Ukraina kompyuter fani, yadro fizikasi va astronomiyaga qo‘shgan hissasi bilan xalqaro miqyosda yuqori nufuzga ega edi. 2015-2019-yillar davlat ilmiy nashrlari soni 45 foiz oshgan. O‘shanda birgina sun’iy intellekt va robot texnikasi bo‘yicha mamlakatda 6214 nashr chop etilgan.
Tadqiqotda aniqlanishicha, so‘nggi ikki yil ichida 177 ilmiy muassasaga tegishli shikastlangan yoki vayron bo‘lgan obyektlarni tiklash 1,21 milliard dollardan ortiq mablag‘ talab qilarkan.
Masalan, Xarkov viloyati ilmiy infratuzilmasi, jumladan Yaroslav Mudriy nomidagi Milliy yuridik universitet va Beketov nomidagi Milliy shahar xo‘jaligi universiteti jiddiy zarar ko‘rgan. Binolar bilan birga zarur jihoz ham shikastlangan.Keng ko‘lamli tadqiqotda ishlatiladigan 643 uskunani ta’mirlash iloji yo‘q. Umuman, asboblarni qayta tiklash qiymati 45,9 million dollarga baholanmoqda.
Urush Ukraina olimlari hayoti va faoliyatiga ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ilm ahli butun mamlakat bo‘ylab yoki chet ellarga tarqalib ketdi. Ish sharoiti yomonlashdi.
Ikki yil oldin fan tizimida 88 629 tadqiqotchi ishlagan. Shundan beri 524 institut va universitet mutaxassis, professorlarining 12 foizi boshqa mamlakatlarga ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan.
Muhojirlikda yurgan ukrainalik olimlarning salmoqli qismi Germaniya va Polshadan boshpana topgan. Natijada Ukraina davlat tadqiqot sektorida ishlaydigan olimlar soni 4 958 kishi (5,3 foiz)ga kamaydi. Raketa hujumlari ilmiy faoliyatni izdan chiqarmoqda. Qolaversa, izlanish olib borish uchun mablag‘ yetishmayapti, ya’ni fanni moliyalashtirish sezilarli darajada kamaygan.
UNESSO Statistika instituti ma’lumotiga ko‘ra, ishlanmalarga sarflangan mablag‘ 2021-2022-yillarda 38,5 foiz, jumladan 450 ilmiy institutni birlashtirgan Ukraina Milliy fanlar akademiyasi byudjeti 48 foiz qisqardi. Sohada o‘rtacha maosh 39 foiz kamayishi ko‘plab mutaxassislarni yarim kunlik ishga o‘tishga majbur qildi.
Muammo keskinlashishi munosabati bilan 11-mart kuni Parijdagi UNESSO qarorgohida maxsus yig‘ilish o‘tkazilib, Ukraina va boshqa mamlakatlar olimlari tadqiqot natijasi muhokama qilindi. Yakunda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keyingi qadamlar ko‘rib chiqilgan. Bu alohida mavzu…
S.Rahimov, O‘zA