Hozirgi kunda giyohvandlik dunyo jamoatchiligini xavotirga soladigan darajada yoyilib ketmoqda. Oxirgi 20-yilda ko‘p mamlakatlarda giyohvandlik vositalari bilan birga psixotrop va psixofaol moddalarni iste’mol qiluvchilarning soni oshib bormoqda.

Aksariyat davlatlarda giyohvandlik ijtimoiy halokat deya e’tirof etilgan. Ushbu illatning yoshlar orasida ommalashishi, ayniqsa, xavflidir – birdaniga jamiyatning ham hozirgi kuni, ham kelajagi yo‘qolib, parchalanadi.

Yoshlar o‘rtasida bu illatning ko‘payib ketishini quyidagi hollar bilan tushuntirish mumkin:

– o‘smirlarning har xil narsalarga qiziquvchanligi, tez ta’sirga beriluvchanligi;

– ularning ushbu kasallik tufayli kelib chiqayotgan asoratlarni bilmasligi;

– aholi orasida giyohvand vosita yoki giyohvandlik kasalligi to‘g‘risidagi axborotlarning kamligi va boshqalar.

Shu o‘rinda Ichki ishlar vazirligining 2023-yilga oid statistikasiga e’tibor qaratish joiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yilda respublika hududida giyohvandlik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi vositalar noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar orasida yoshlar 74 foizga (shu jumladan, talabalar 21 foizga, maktab o‘quvchilari 6 barobarga) oshgan. Narkologik hisobga olingan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan giyohvandlik vositalari iste’molchilari 60 foizga ko‘paygan.

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, najot yo‘li bitta – muammoning oqibatalari bilan emas, sabablari bilan kurashish samaraliroq. Bu kurash qanday amalga oshiriladi? Faqat targ‘ibot-tashviqot va media imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali. Yurtimizda bu borada qator choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, har yili fevral oyida ichki ishlar organlari tomonidan “Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishiga qarshi kurashish” oyligi o‘tkazib kelinmoqda.

2023-yilda umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus bilim yurtlari, litseylar, oliy ta’lim muassasalarida “Biz giyohvandlikka qarshimiz” mavzusida tashkillashtirilgan jami 10 525 ta uchrashuv, davra suhbati kabi targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida 934 ming yoshlar ishtirok etdi.

Ushbu tadbirlar davomida mutaxassislar tomonidan yoshlar orasida yangi turdagi sintetik giyohvandlik vositalari va “yengil narkotik” sifatida ommalashib borayotgan dori-darmonlarning inson salomatligi bilan bir qatorda, turmush tarziga, kelajagiga, yaqinlariga salbiy ta’siri tushuntirildi.

Markaziy va hududiy ommaviy axborot vositalarida giyohvandlikning jirkanch oqibatlarini yoritib beruvchi va bu illatga qaramlikning oldini olishga qaratilgan 1 676 ta chiqish qilindi.

Hozirda yoshlar, ayniqsa maktab o‘quvchilari va talabalar orasida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi dori preparatlarini iste’mol qilishga murosasiz munosabatni shakllantirish, ta’lim muassasalarida bunday vositalar noqonuniy tarqalishining oldini olishga qaratilgan yangi ta’sirchan va ilmiy asoslantirilgan targ‘ibot-tashviqot va tarbiyaviy-profilaktik mexanizmlar ishlab chiqilib, joriy etilmoqda.

Dunyoqarashi endigina shakllanib borayotgan, bor kuch-g‘ayratini faqat bilim olishga, izlanishga, hunar o‘rganishga sarflashi kerak bo‘lgan bir paytda, o‘smirlarni aldov yo‘li bilan giyohvandlik qurboniga aylantirayotganlar oz emas. Ularning o‘z hamyonini qappaytirish ilinjida og‘uni voyaga yetmagan yoshlar orasida tarqatib, uni iste’mol qilishga targ‘ib qilayotganiga jim qarab turib bo‘lmaydi, albatta.

Shu bois, yosh avlod ongida eng avvalo, oqni qoradan ajrata oladigan o‘ziga xos immunitet shakllantirish dolzarb ahamiyatga ega. Bunda ommaviy axborot vositalari ta’sir kuchidan foydalanish muhimdir.

 

O‘zA