Italiyaning Busto-Arsitsio shahrida “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari uchun yo‘llanma beruvchi I jahon kvalifikatsion turniri o‘z yakuniga yetdi. Mazkur musobaqada erkaklar va ayollar o‘rtasidagi milliy terma jamoamizning 9 nafar a’zosi yo‘llanma uchun kurash olib bordi.

Musobaqada -50 kg vazn toifasidagi ayol bokschilar orasida Sabina Boboqulova Olimpiya yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga muyassar bo‘ldi. Erkaklar orasida Ruslan Abdullayev (-63,5 kg), Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (-71 kg), To‘rabek Habibullayev (-80 kg) va Lazizbek Mullajonov (-92 kg) o‘z vazn toifalarida to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi litsenziyasiga ega chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunga qadar Hasanboy Do‘smatov (-51 kg), Abdumalik Xalakov (-57 kg), Bahodir Jalolov (+92 kg) va Nigina O‘ktamova (-54kg) kabi charm qo‘lqop ustalarimiz “Parij-2024” yo‘llanmasi sohibiga aylangan edi.

Hozirda, erkaklar terma jamoamiz 7 ta vaznda (to‘liq tarkib), ayollar terma jamoamiz esa 2 vaznda Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Endi ayol bokschilarimiz 4 ta vazn toifasidagi yo‘llanma uchun 23-may – 5-iyun kunlari Tailandda bo‘lib o‘tadigan II jahon kvalifikatsion turnirida ishtirok etadi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA