Poytaxtimizda “Besh tashabbus” olimpiadasining 2024 yilgi mavsumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda respublikamizning 14 ta hududi va 208 ta tuman (shahar)lari ham bir vaqtda onlayn ulandi. Tadbir doirasida olimpiadaga start berildi.

Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev “Besh tashabbus” olimpiadasi yoshlarning iste’dodlarini namoyon etishida katta maydon sifatida muhim rol o‘ynayotganini ta’kidladi.

– Yangi O‘zbekiston aynan siz, yoshlar tomoningizdan qurilyapti. Yangi O‘zbekiston siz kabi tashabbuskor yoshlar qo‘lidadir, – dedi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.

Joriy yil “Besh tashabbus olimpiadasi” mahalla yoshlari o‘rtasida (26 ta loyiha) mart-dekabr oylarida, maktab o‘quvchilari o‘rtasida (8 ta loyiha) sentyabr-noyabr oylarida, professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida (5 ta loyiha) sentyabr-dekabr oylarida, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida (5 ta loyiha) sentyabr-noyabr oylarida hamda ilk marotaba vazirlik, idora va tashkilot xodimlari o‘rtasida (6 ta loyiha) noyabr-dekabr oylarida bo‘lib o‘tadi.

Tadbirning badiiy qismi ishtirokchilarga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA