“Prague International Chess Festival-2024″ turnirida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Nodirbek Abdusattorov Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Chexiya poytaxti Pragada dunyoning eng mahoratli 10 nafar shaxmatchilari bilan bahs olib borgan Nodirbek Abdusattorov musobaqa tugashiga 1 tur qolganda muddatidan oldin g‘oliblikka erishdi. Mazkur g‘alaba bilan onlayn shaxmat reytingining eng kuchli to‘rt nafar shaxmatchisidan biri nomiga musharraf bo‘ldi.

Mamlakatimizning xalqaro obro‘-e’tiborini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shgan Abdusattorov Praga musobaqalari davomida o‘tkazilgan 9 ta turning 5 tasida g‘alabaga, 3 tasida durangga va 1 tasida mag‘lubiyatga uchradi.

O‘yinlar davomida mahoratli shaxmatchilar Tayi Dai Van Nguyen, David Navarra, Mateush Bartel, Vinsent Keymer va Parham Magsudludan ustunligini namoyish etgan bo‘lsa, Vidit Santosh Gudjrati, Dommaraju Gukesh va Richard Rapport bilan ochkolarni bo‘lishib oldi. Musobaqaning 6-turida kichik xatolik tufayli faqat hindistonlik Praggnanandhaaga imkoniyatni boy berdi.

– Praga turnirida muvaffaqiyatga erishganimdan xursandman. Albatta, g‘alabaga erishishda ruhiy qo‘llov katta ahamiyat kasb etadi. Menga g‘oyibona ishqibozlik qilgan, duo qilib turgan, qo‘llab-quvvatlagan barcha-barchaga minnatdorlik bildiraman. Biz yoshlarga davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoitlar tufayli shunday yutuqlarga erishyapmiz. Albatta, oldinda hali bundanda nufuzli musobaqalar bor. Ularda ham munosib natijalarga erishishni maqsad qilganman, – dedi Nodirbek Abdusattorov.

Kutib olish marosimida Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi mutaxassislari, shaxmatchining ota-onasi, yaqinlari, keng jamoatchilik vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA