Yurtimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2024-yilning “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nomlanishi mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi ishlar izchil davom ettirilishidan dalolatdir. Shu bois, joriy yilgi davlat dasturida ham yoshlar masalalari bilan bog‘liq ishlar natijadorligi va ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator vazifalar belgilangan.

Jumladan, 2024-yil 1-martdan boshlab alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, iste’dodli va iqtidorli yoshlar Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi qarori bilan “Yoshlar balansi” asosida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlariga biriktiriladi.

Yoshlar biriktirilgan rahbarlar har oyda kamida bir marotaba o‘zlariga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashib boradi.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda izlanuvchan, yangiliklarga intiluvchan yoshlar bisyor. Faqat ularga ozgina e’tibor, moddiy yoki ijtimoiy turtki kerak. Endilikda ayrim toifa yoshlarimizning rahbar kadrlarga biriktirilishi, ularning o‘zlariga biriktirilgan yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish uchun tegishli tashkilotning byudjetdan tashqari mablag‘lari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qo‘llab-quvvatlashi o‘ylaymanki, yaqin kelajakda o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatmasdan qolmaydi.

Shu bilan birga, davlat dasturida 2024-yil 1-martdan boshlab mahalla, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar tizimida mukofot jamg‘armasi 600 million so‘m bo‘lgan xorijiy tillar bo‘yicha tanlovlar, kibersport musobaqalari va “Zakovat” intellektual o‘yinlari yuqori saviyada tashkil etib borilishi ham nazarda tutilgan.

Ushbu aqliy va jismoniy sport o‘yinlarining muntazamlik asosida o‘tkazib borilishi, yoshlarimiz vaqtini mazmunli o‘tkazish bilan bir qatorda yoshlarni mahalla va maktab yoshidan boshlab ma’lum bir maqsadlarga erishda bir tan-u, bir jon bo‘lib jamoaviy harakat qilishga o‘rgatadi.

Albatta, yil nomidan ham ma’lumki joriy yilda yoshlar bandligi va tadbirkorligi masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni keng ommalashtirish va biznes bilan shug‘ullanishga qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish maqsadida oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizini yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltirish belgilangan.

Qolaversa, 1-iyundan boshlab Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “mahalla — tuman — viloyat – respublika” bosqichlari doirasida “Yosh tadbirkor” tanlovlari o‘tkazilib, yoshlarning istiqbolli biznes loyiha va g‘oyalari saralab boriladi. Bunda nogironligi bo‘lgan yosh tadbirkorlarning loyiha va g‘oyalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Respublika bosqichida saralashdan o‘tgan har bir loyihaga bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratiladi hamda yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.

Aytib o‘tish joizki, so‘nggi yillarda mamlakatda xorijiy tillarni o‘rgatishni ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida rivojlantirish hamda aholining xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Jumladan, davlat dasturida ham 1-martdan boshlab “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘larini yoshlarni chet tillari va kasb-hunarga o‘qitish maqsadlariga yo‘naltirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish orqali “Ustoz” maxsus platformasini ishga tushirish va dastlabki bosqichda mazkur platforma orqali 250 ming nafar yoshlarni qamrab olish maqsad qilingan. Shu bilan birga, yosh xotin-qizlarni tadbirkorlik, marketing, grafik-dizayn kabi zamonaviy kasblarga o‘rgatish uchun “Qizlar akademiyasi” platformasi ishga tushiriladi. Bu orqali yosh xotin-qizlar uchun turli tanlov, loyihalar, o‘quv oromgohlari, stajirovkalar tashkil etib boriladi.

Xulosa qilib aytganda, “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturi loyihasida ilgari surilgan yoshlar siyosatiga oid maqsad va vazifalarning hayotga tatbiq etilishi yoshlarimizga o‘z iqtidor va salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish imkoniyati berish bilan birga, ularning Vatanimiz taraqqiyotidagi mas’uliyati va daxldorligini oshirish imkonini ham beradi.

Muzafara Abdiyeva, 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati