Respublika “Hunarmand” uyushmasi tashabbusi bilan hunarmand ayollar uchrashuvi hamda ular ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi.

Unda mamlakatimizda hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab imtiyoz va preferensiyalar berilgani ta’kidlandi.

Savdo shoxobchalarida milliy mahsulotlarimizni ko‘paytirish, amaliy san’at mahsulotlari bilan bir qatorda hamyonbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, ishlab chiqarilgan hunarmandchilik mahsulotlarini milliy ro‘yxatdan o‘tkazish ya’ni, brendlashning ahamiyati va zaruriyati, hunarmand ayollarning faoliyatini amalga oshirishdagi muammolar haqida so‘z yuritildi.

Respublika “Hunarmand” uyushmasiga 4 ming 616 nafar hunarmand ayol a’zo bo‘lib, bugungi kunda ajratilgan kreditlar, subsidiyalar va usta-shogird maktablarining tashkil topishi hisobiga sohada band bo‘lgan hunarmand ayollar soni 47 ming, shogird ayollar soni 153 ming nafarni tashkil etadi.

2024-yilda esa yana 25 ming xotin-qizning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan.

Ta’kidlanganidek, Uyushma quyi tuzilmalarining o‘zaro samarali hamkorligi yo‘lga qo‘yilishi natijasida respublika bo‘yicha jami 9 ming 568 ta mahallaning 7 ming 39 tasiga hunarmandchilik sohasi kirib bordi.

O‘tgan davr mobaynida Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan Uyushma a’zolari va kam ta’minlangan hamda ishsiz, shuningdek, nogironligi bo‘lgan jami 16,5 ming nafar fuqaroga 15,6 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.

Hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi doirasida 36 ming nafar hunarmandga 1,1 trln. so‘mdan ortiq imtiyozli kreditlar berildi.

2022-2023-yillarda uyushma tomonidan 70 million so‘m miqdorida davlat grantlari jalb qilinib, yuzlab xotin-qiz va bolalar hunarmandchilik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitildi.

Mo‘ynoq, Shumanay tumanlariga usta-shogird maktablarini, Oltinsoy, Uychi tumanlaridagi ehtiyojmand hunarmandlarga faoliyatini rivojlantirish uchun tikuv mashinalari va xomashyo (jun) ajratilib, tikuvchilik va qo‘lda gilam to‘qish bo‘yicha usta-shogird maktablari tashkil qilindi. Bu bilan yuzlab ayollarning bandligi ta’minlandi.

Joriy yilda ham maxsus kurslar tashkil etilib, 290 nafar xotin-qizning o‘qitilishi ko‘zda tutilgan.

Gulnoza Boboyeva, Oybek Pardayev(surat), O‘zA