Dunyoda komleks sport o‘yinlari qamrovi yildan yilga kengayib bormoqda. Ular orasida joriy yildan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan “Kelajak o‘yinlari” alohida o‘rin tutadi.
Xo‘sh, “Kelajak o‘yinlari” qanday musobaqa? Uning boshqa musobaqalardan, Olimpiya va Osiyo o‘yinlaridan qaysi jihatlari bilan farq qiladi? Qonun-qoidasi qaysi tamoyillar asosiga qurilgan?
Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida tarixda ilk bor tashkil etilgan “Kelajak o‘yinlari”ning o‘ziga xos bellashuvlari, uning muhim jihatlari keng jamoatchilikka namoyish etildi.
– Keyingi paytlarda kommunikatsiya tizimlarining rivojlanishi, kompyuter texnologiyalari jamiyatning barcha bo‘g‘inlariga keng joriy etilishi sport sohasiga ham yangicha formatlarni kirib kelishiga sabab bo‘lmoqda. Jismoniy va raqamli tartibda o‘tadigan musobaqalar sport va kompyuter texnologiyalarining bitta makonda birlashtirish orqali insonning ham aqliy, ham jismoniy salohiyatini bir butunlikda baholash mezonlarini yaratishi bilan ko‘pning e’tiborini tortmoqda. Shu ma’noda, ushbu o‘yinlar kelajak musobaqalari hisoblanadi. Boshqacha aytganda, “Kelajak o‘yinlari” sportning an’anaviy turlari va ularning raqamli muqobillarida o‘tkaziladigan yuqori texnologik musobaqa, – deydi Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Mirjamol Yunusov.
Davlatimiz rahbari Qozon shahrida “Kelajak o‘yinlari” musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etib, yangi formatdagi multikompleks o‘yinlar dunyo sportida o‘zgacha ruhiyatga ega ekanligini ta’kidlab, 2026 yilgi “Kelajak o‘yinlari”ni O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.
Qozonda poyoniga yetgan virtual makondagi dastlabki “fijital-sport” bahslarida dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan 2 mingga yaqin sportchilar qatori mamlakatimiz vakillari ham bahslarda o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazdi.
Jismoniy va raqamli musobaqalarni birlashtirgan yangi formatdagi o‘yinlar 21 ta innovatsion yo‘nalishlarda o‘tkazildi.
O‘yinlarning virtual velosport, sport dasturlashi, fijital-xokkey va fijital-poyga yo‘nalishlarida qatnashgan sportchilarimiz orasida fijital-xokkeychilarimiz 5-o‘rinni, virtual velosiped poygasida “Tashkent sity“ jamoasi a’zolari Asal Rizayeva, Yekaterina Knebeleva, Davirjon Abdurahmonov, Danil Fyodorov 79 ochko jamg‘arib, 12-o‘rinni egalladi.
Shuningdek, 50 ta dasturchi qatnashgan sport dasturlashning ikki kunlik musobaqasida hamyurtimiz Bobosher Musurmonov 946 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Fijital avto poygalarida esa hamyurtimiz Ismoil Axmedxodjayev va ispaniyalik Roberto Merxi juftligi “Kelajak o‘yinlari”da 2-o‘rinni egalladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA