FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi ko‘p tarmoqli “Humo Arena” sport majmuasida “Katta dubulg‘a” turniri start oldi. “Parij-2024” Olimpiadasining muhim reyting ochkolarini taqdim etuvchi bellashuvlarda 68 mamlakatning 500 ga yaqin mahoratli dzyudochilari ishtirok etmoqda.
Kecha o‘tkazilgan bellashuvlarda ayollar 46, 52, 57 kilogrammda, erkaklar 60 va 66 kilogrammda g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Doston Ro‘ziyev Toshkent “Katta dubulg‘a” turnirida hamyurtlarimizning ilk medaliga mualliflik qildi. Sportchimiz -60 kg vazn toifasida kechgan final bahsida jahon chempionati sovrindori, gruziyalik Giorgi Sardalashvilini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi
Dzyudo bo‘yicha Toshkent “Katta dubulg‘a” turniri yangi nomlarni kashf etib bermoqda. Ular orasida bugungi kun qahramoni Gulhayo Jo‘rayevani alohida ta’kidlash o‘rinli. -52 kg vazn toifasining final bahsida fransiyalik Amandin Busharga imkoniyatni boy berib, faoliyatida ilk bor kattalar o‘rtasidagi yirik musobaqaning kumush medaliga sazovor bo‘ldi.
Bugun xalqaro turnirning ikkinchi kungi bahslarida dzyudochi yigitlar 73, 81 va 90 kilogrammda, ayollar 63 va 70 kilogramm og‘irlikdagi bellashuvlarda medallar uchun kurashlarni o‘tkazadi. Ular orasida mahoratli dzyudochilarimiz Murodjon Yo‘ldoshev, Shahram Ahadov, Obidxon No‘monov, Sharofiddin Boltaboyev, Hikmatulloh To‘rayev, Davlat Bobonov qatori Muso Sobirov, Nurbek Murtazoyev, Shahzodxo‘ja Sharipov, Jaloliddin Qurbonmurodov, Azizbek Avazmurodov, Muhammad Jumayev singari yoshlarimiz ham o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi.
Shuningdek, ayollar o‘rtasidagi 63 kilogramm vaznda Sevinch Isoqova, Marjona Nurulloyeva, Sarvinoz Husanova, Farangiz Hojiyeva, 70 kilogramm og‘irlikda Gulnoza Matniyazova, Shohista Nazarova, Barchinoy Qodirova, Xurshida Razzoqberdiyeva “Katta dubulg‘a” gilamga chiqadi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA