O‘zbekiston savdo-sanoat palatasida 7-iyun kuni Polsha Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andjey Papej boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv hamda O‘zbekiston – Polsha ishbilarmon doiralari biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Polsha delegatsiyasi tarkibidan oziq-ovqat, qurilish, tibbiyot va biotexnologiya, muhandislik, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat olib boruvchi yigirmaga yaqin kompaniya vakillari o‘rin olgan.
O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy aloqalar yildan-yilga rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Mazkur uchrashuv ham o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun chet el investitsiyalarini jalb qilishda qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.
2017-yilda ikki mamlakat o‘zaro tovar aylanmasi qariyb 104,9 million AQSH dollarni tashkil etgan. O‘zbekistonda Polsha kapitali ishtirokidagi 25 korxona va 1 ta energetika, tekstil, farmatsevtika sanoati chiqindilarini qayta ishlovchi kompaniya faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuvda delegatsiya a’zolariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, erkin iqtisodiy zonalarda sarmoyadorlar uchun yaratilgan sharoit haqida keng ma’lumot berildi.
Polshaliklar O‘zbekistonda iqtisodiyotning turli tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, investorlar va tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoit va imtiyozlarni yuqori baholadi. Uchrashuv va biznes-forum O‘zbekiston va Polsha ishbilarmon doiralari vakillari uchun o‘zaro tajriba almashish imkonini berishini qayd etdi.
Biznes-forumda tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma korxonalarni ko‘paytirish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashdi.