FUTBOL: Milliy termamiz Urugvayda, olimpiyachilarimiz esa Toshkentda

Xabaringiz bor, O‘zbekiston milliy terma jamoamiz 7 iyun kuni Rossiyada o‘tadigan jahon chempionati ishtirokchisi Urugvay milliy termasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish uchun ushbu mamlakatga jo‘nab ketgan. Termamiz a’zolari Toshkent-Istambul-Madrid-Montevideo yo‘nalishi bo‘ylab safar qilib, Urugvay poytaxtiga yetib borishdi.
Urugvayga qarshi uchrashuv 7 iyundan 8 iyunga o‘tar kechasi, Toshkent vaqti bilan tong sahar soat 04:00da boshlanadi.
Milliy termamiz Urugvayga safar qilgan damda Toshkentda Olimpiya termamizning o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini boshlandi. Ravshan Haydarov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi kecha 24 nafar futbolchidan iborat tarkib bilan yig‘inga kirishdi.
“Chig‘atoy” sport bazasida istiqomat qilib, “Bunyodkor” stadionida mashg‘ulot olib boradigan futbolchilarimiz yig‘in davomida murabbiylardan turli nazariy hamda taktik ko‘rsatmalar olishadi, jismoniy holatlari bo‘yicha test sinovlaridan o‘tishadi.
Shuningdek, yig‘in doirasida 6 iyun kuni Toshkentning “Lokomotiv” hamda 7 iyun kuni Bekobodning “Metallurg” jamoalari bilan nazorat uchrashuvlari tashkil etish rejalashtirilgan.
8 iyunga qadar davom etadigan yig‘inga quyidagi futbolchilar jalb etilgan:
Darvozabonalar – Shohruh Raimov (“Dinamo”), Mashhur Muhammadjonov (“Nasaf”), Nizom Ziyovutdinov (AGMK).
Himoyachilar – Hojiakbar Alijonov (“Paxtakor”), Ilhom Alijonov (“Surxon”), Sherzod Nasrullayev (“Nasaf”), Abubakir Mo‘ydinov (“Bunyodkor”, Oybek Rustamov (“Qo‘qon-1912”), Husniddin G‘ofurov, Avaz O‘lmasaliyev (ikklasi ham “Neftchi”dan), Doniyor Hoshimov (“Metallurg”), Husniddin Aliqulov (“Mash’al”).
Yarim himoyachilar – Nurillo To‘xtasinov (“So‘g‘diyona”), Sharof Muhitdinov, Islom Rashidxonov (ikklasi ham “Nasaf”dan), Sanjar Qodirqulov, Rasul Yo‘ldoshev, Davron Umirov, Farruh Ikromov (barchasi “Bunyodkor”dan), Azizbek Omonov (“Lokomotiv”), Abror Ismoilov (“Neftchi”), Abror Toshqo‘ziyev (“Metallurg”).
Hujumchilar – Jasur Xolto‘rayev (“Sho‘rtan”), Jahongir Abdusalomov (“Bunyodkor”).

 

O’zA