Parlament quyi palatasining majlisida suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

— Bir guruh deputatlarimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga suv yetkazib berish xizmatlari uchun to‘lovlarni bekor qilish ko‘zda tutilmoqda, — dedi qo‘mita raisi Ravshan Mamutov. — Mazkur xarajatlarning o‘rni suv resurslaridan foydalanganlik uchun to‘lanadigan soliqlarning 40 foizini yo‘naltirish hisobidan qoplanishi belgilanmoqda. Bu esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga yanada qulaylik yaratib, ularning moddiy manfaatdorligi ortishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, loyihada xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv iste’molchilariga nisbatan suv olish limitlarini belgilash vakolati berilmoqda. Bundan tashqari, Suv xo‘jaligi vazirligining tuman (Quvasoy shahar) irrigatsiya bo‘limlari hamda maxsus xizmatlari negizida “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tashkil etilgani munosabati bilan amaldagi ayrim qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi suv resurslarini samarali boshqarish, mazkur jarayonlarda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ishtirokini ta’minlash orqali yer va suvga doir munosabatlarning huquqiy asosini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Muhokamalarda deputatlar ayrim aniqlashtiruvchi savollarni o‘rtaga tashladi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

M.Komilova, O‘zA