Bolgariyaning Sofiya shahrida boks bo‘yicha nufuzli “Stranja” xalqaro turnirida O‘zbekiston terma jamoasi 6 ta oltin, 2 ta kumush va 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Musobaqada Sabina Bobokulova, Xo‘janazar Nortojiyev, Abdumalik Xalakov, Iqboljon Xoldorov, Javohir Ummataliyev va Jahongir Zokirov o‘z vazn toifalarida oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Finalga qadar muvaffaqiyatli ishtirok etgan Shahzod Muzaffarov hamda Adhamjon Muhiddinov shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy olgan bo‘lsa, Xumorabonu Mamajonova, Hasanboy Do‘smatov, Asilbek Jalilov, Dilshod Abdumurodov, Fazliddin Erkinboyev va Samandar Jalolov bronza medali bilan taqdirlandi.
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi xalqaro turnirda umumjamoa hisobida birinchi o‘rindan joy oldi. Shuningdek, umumjamoa hisobida Hindiston ikkinchi, Bolgariya termasi esa uchinchi bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, turnirda 30 ga yaqin mamlakatdan 250 nafardan ortiq charm qo‘lqop ustalari qatnashdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA