Mamlakatimiz sportchilarining joriy yil iyul – sentyabr oylarida Parijda o‘tadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikda samaradorlikka erishishi bugungi kunning muhim vazifalaridan biri sanaladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida “Parij-2024”da yutuqlarni Tokio Olimpiadasida bo‘lgani kabi faqat yakka kurash sport turlari hisobidan qo‘lga kiritish fikri mutlaqo noto‘g‘ri ekani, bu galgi Olimpiya o‘yinlaridagi natijalar tariximizda eng yaxshisi bo‘lishi uchun zarur choralarni hozirdan ko‘rish lozimligini ta’kidladi.
Darhaqiqat, Fransiya sport maydonlarida kechadigan to‘rt yillik o‘yinlarga munosib tayyorgarlik ko‘rish, yo‘llanmalar sonini nafaqat son, balki sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish borasida mamlakatimiz sportchilariga davlatimiz tomonidan zarur shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.
Bu olimpiya sport turlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan musobaqalar, sportchilarimizning ichki va xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida uzluksiz ishtirok etishiga e’tibor qaratilayotganida o‘z aksini topmoqda.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi axborotida keltirilishicha, “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining umumiy ishtirokchi sportchilari soni 10 ming 500 nafar etib belgilangan bo‘lsa, bugungacha bir qator sport turlarida yo‘llanmalar o‘z egalarini topdi. Jumladan, O‘zbekiston sportchilari hozirgacha 17 ta “Olimpiada chiptasi”ga ega bo‘lib turibdi.
Xo‘sh, boshlanishiga olti oyga yaqin vaqt qolgan “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun yana qancha litsenzion musobaqa o‘tkaziladi-yu, sportchilarimiz ularning nechtasida qatnashish huquqiga ega?
Aytish lozim, 2024 yilning iyun oyiga qadar dunyo miqyosida Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma va reyting ochkolarni taqdim etadigan 118 ta musobaqalar tashkil etiladi. Bir qator sport turlaridagi litsenzion turnirlar qit’aviy tartibda o‘tadi. Bu, Amerika, Afrika, Yevropa va Osiyo qit’asi uchun alohida hamda ayrim sport turlaridagi so‘nggi jahon saralash turnirlaridan iborat. Shundan mamlakatimiz sportchilari Osiyo qit’asi va jahon reytingi va yo‘llanmasini beradigan 28 ta musobaqada ishtirok etish vakolatiga ega.
Joriy yilning yanvaridan buyon O‘zbekiston sportchilari 2 ta Olimpiya o‘yinlari litsenzion turnirida qatnashdi. Taassufki, Indoneziya va Quvaytda o‘tgan o‘q otish va stenddan o‘q otish yo‘nalishlarida Olimpiya yo‘llanmalari qo‘lga kiritilmadi.
Fevral oyi davomida esa og‘ir atletikachilarimiz Toshkentda reyting ochkolarni taqdim etadigan qit’a chempionatida qatnashmoqda. Suv sporti vakillari Qatarda o‘tayotgan jahon chempionatida o‘z omadini sinab ko‘rayotgan bo‘lsa, ayollar futboli bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 24 va 28 fevral kunlari Avstraliya terma jamoasi bilan uy va safar o‘yinida bo‘ladigan o‘tish musobaqasida maydonga tushadi.
Shuningdek, yurtimizning olovqalb sportchilari mart oyida boks va taekvondo, aprel oyida qilichbozlik, o‘q otish, velosport, baydarka va kanoeda eshkak eshish, sport kurashlari, og‘ir atletika musobaqalarida, may oyida badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, futbol, iyun oyida esa zamonaviy besh kurash, dzyudo, suzish, kamondan otish, slalomda eshkak eshish yo‘nalishlarida “Parij-2024” yo‘llanmasi uchun so‘nggi bahslarni o‘tkazishadi.
Albatta, Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etish “chipta”sini qo‘lga kiritish baxtiga musharraf bo‘lish har bir sportchining ulug‘ orzusi. Tasdiqlanmagan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, shunday baxtga erishish uchun to‘rt yillik Olimpiada sikli davomida dunyo bo‘yicha 1 million nafardan ziyod sportchi, ularning yuzlab murabbiylari, milliy sport federatsiyalar vakillari, biriktirilgan shifokor va boshqa mutaxassislar jon-jahdi bilan kurash olib boradi va bu sharaf ularning 10 foizigagina nasib etadi.
Sport maydonida bellashayotgan sportchi borki, yutgisi, muvaffaqiyat zavqini qalban his etgisi keladi. Mahorati, iqtidori yetarli bo‘lsa-yu, milliy g‘ururi, vatanparvarlik to‘yg‘usida nuqsoni bo‘lganlar hech qachon katta g‘alabalar zavqini his eta olmasligini tarixda o‘tgan yuzlab chempionatlar, nufuzli musobaqalardagi natijalar bot-bot ko‘rsatib kelmoqda.
Uzoqqa bormaylik. Qatarda poyoniga yetay deb qolgan futbol bo‘yicha Osiyo kubogi o‘yinlaridagi holatlar, milliy terma jamoalardagi futbolchilarning maydondagi xatti-harakatini kuzatgan, guvoh bo‘lganlar ko‘rdi, qalbi uyg‘oqlar his etdi.
Sportda jismoniy kuch-quvvat bilan birga, milliy g‘urur, ma’naviy idrok muvaffaqiyatning omili.
Shu ma’noda, Vatan sha’nini “Parij-2024” Olimpiadasida himoya qilish, uning shonu-shavkatini dunyo bo‘ylab namoyish etish orzusi bilan yonayotgan O‘zbekiston sportchilarida ham milliy g‘urur, or-nomus to‘yg‘usini yuksaltirmoq lozim. Ayni harakatlar mashg‘ulotlarda toblanayotgan, musobaqalarda bo‘y ko‘rsatayotgan sportchilarimizni yangi g‘alabalar sari chorlaydigan nurli mayoq bo‘lishi shubhasiz.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA