Kecha FIFA 2026 yilgi Jahon chempionatining 48 jamoa ishtirokidagi turnir jadvalini, chempionatning ochilish va final o‘yinlari tashkil etiladigan shaharlar nomini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tadigan chempionatning ilk o‘yini 2026 yilning 11 iyunida Meksika poytaxtidagi “Azteka” stadionida o‘tkaziladi.

87 ming 523 nafar muxlisga mo‘ljallangan mazkur stadionda 1970 va 1986 yilgi jahon birinchiliklari hamda 1968 yilgi Olimpiya o‘yinlari futbol musobaqasining final bahsi bo‘lib o‘tgan.

Jahon chempionatining final o‘yini esa 19 iyul kuni AQSHning Nyu-Jersi shtatidagi “MetLife Stadium” stadionida tashkil etiladi. Ushbu stadion o‘z bag‘riga 83 ming muxlisni sig‘dira oladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA