G‘azodagi vaziyat kundan-kun xavotirli tus olmoqda. Shunga qaramasdan, hududda bir necha xalqaro yordam tashkiloti hamon faoliyat yuritmoqda. Shulardan biri BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish va ishlar agentligi (UNRWA)dir.

1949 yil tashkil etilgan mazkur tuzilma G‘azo, G‘arbiy Sohil, Suriya, Livan va Iordaniyada faoliyat yuritadi. Ayni payt Isroil – XAMAS harbiy mojarosi sabab uyini tashlab ketgan 700 000 falastinlikka g‘amxo‘rlik qilmoqda.

– Endi ikki million g‘azolikning hayotini qutqaruvchi yordam amaliyoti to‘xtashi mumkin, chunki UNRWAning ba’zi xodimlari Isroilga 2023 yil 7 oktyabr kuni uyushtirilgan hujumda ishtirok etgani to‘g‘risidagi da’vo tufayli, bir necha G‘arb davlati tomonidan moliyalashtirish to‘xtatib qo‘yilgan, – deydi agentlik rahbari.

Missiya hozir ko‘chirilganlar uchun vaqtincha boshpana topib beradi va faqat Isroil ruxsat bergan darajada yordam tarqatadi, xolos. UNRWA ayni payt G‘azodagi mahalliy aholiga faqat kundalik hayot uchun zarur asosiy vositalarni taqdim etmoqda. Shuningdek, tibbiyot va ta’lim muassasalari, jumladan o‘qituvchilar malakasini oshirish markazlari va 300 ga yaqin boshlang‘ich maktabni nazorat qiladi. Falastinlik o‘quvchilarga ta’lim darsliklari ishlab chiqaradi. E’tiborli jihati, bu tashkilot G‘azo hududida BMTning eng yirik agentligi sifatida insonparvarlikni targ‘ib etuvchi sa’y-harakatlar uchun kalit bo‘ldi.

Bir jihat borki, agentlik mavjudligi Isroil tomonidan falastinliklarning qochqinlik maqomini mustahkamlamoqda. Bu holat 1948 yildagi yoki boshqa harbiy nizolar sabab makonini tashlab ketishga majbur bo‘lganlarga ortga qaytish umidini bergani uchun Isroil hukumati tomonidan tanqid qilib kelinadi.

Ko‘pincha Arab – Isroil mojarosida qochqinlar taqdiri asosiy masala bo‘lib kelgan. Ko‘plab falastinliklar tarixiy vataniga qaytish orzusida. Afsuski, bu tarixiy davlatning bir qismi hozir Isroil hududida joylashgan. Isroil bunday da’volarni doim rad etadi va qochqinlik maqomini meros qilib olishga ruxsat bergani uchun UNRWAni tanqid qilib keladi.

Nafrat va murosasizlik

Isroil hukumati agentlikni o‘qitish va darslik masalasida olib borayotgan ishini davom ettirayotgani uchun ham muntazam qoralab keladi.

2022 yil Isroilning IMPACT nazorat tashkiloti UNRWA o‘quv materiallari Quddusning madaniy merosini yo‘q qilishga o‘rgatayotgani, agentlikda murosasizlik va betaraflik xususiyati yo‘qligini iddao qilib chiqdi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Yevropa Komissiyasi maktab kitoblarida “antisemitistik material” deb topilgan jumlalar, jumladan “hatto, zo‘ravonlikka undash holatlari”ni ham aniqladi, degan mazmundagi turli xabarlar paydo bo‘la boshladi. Yevroparlament bir necha bor YeI tomonidan Falastin ma’muriyatiga mablag‘ ajratish sharti bilan bunday kontentni olib tashlashga chaqirdi. UNRWA avvalroq o‘zining o‘quv materiallari haqida berilgan xabarlar “noto‘g‘ri va chalg‘ituvchi” ekani, bunday kitoblar ularning maktablarida ishlatilmaganini aytgan edi.

2018 yil Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning ashaddiy tarafdori bo‘lgan Donald Tramp ma’muriyati UNRWA tashkilotini “tuzatib bo‘lmas nuqson” deb atagan holda, moliyaviy yordamni butunlay to‘xtatdi.

Bir necha G‘arb davlati o‘z mablag‘ini “muzlatib” qo‘ygani sababli, agentlik yana jiddiy muammolarga uchramoqda. Bu holat ro‘yxatga olingan 5,3 million falastinlik qochqin uchun jiddiy oqibat keltirib chiqarishi mumkin.

Moliyalashtirishni to‘xtatgan davlatlardan biri AQSH eng yirik donor sifatida 2022 yil tuzilmaga 340 million dollar (268 million funt sterling) ajratgan. Keyingi o‘rinda turgan Germaniya hukumati o‘sha yili 162 million dollar yuborgan.

Isroil ko‘p vaqtdan beri BMT bo‘limlarini tarafkashlik, antisemitizmda ayblab keladi. Endi G‘azodagi urush tufayli ichkarida va xorijda tobora kuchayib borayotgan tanqidga duch kelgan hukumat imkoniyatdan foydalangan holda, o‘z dalillarini kuchaytirib, e’tiborni biroz o‘zgartira oldi.

Ittifoqchilar uchun bu holat Isroilni qo‘llab-quvvatlashda davom etish imkonini beradi.

Oq uy milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Kirbi mablag‘ni to‘xtatib qo‘yish masalasi xususida ”bir necha xodim qonunni buzishi butun boshli agentlikni shubha ostiga qo‘ymasligi kerak” deya ta’kidlagan.

Isroil tashqi ishlar vaziri UNRWAni “XAMASning fuqarolik qo‘li” deb atadi va mojarodan keyin tashkilot G‘azoda rol o‘ynamasligi kerakligini ta’kidladi.

O‘tkir Mirzo tayyorladi, O‘zA