Mamlakatimizdagi mavjud qonunchilikka ko‘ra, barcha turdagi qurilishlar uchun yer uchastkalarini ajratish materiallari, loyihaoldi va loyiha hujjatlari, atrof tabiiy muhit holatiga va fuqarolar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ishlab turgan korxonalar va boshqa shu kabi ob’ektlar Davlat ekologik ekspertizasi ob’ektlari hisoblanadi.

Mazkur ob’ektlarni Davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazishning majburiyligi ham belgilab berilgan.

Shu bilan birga, Davlat ekologiya ekspertizasining ijobiy xulosasisiz loyihalarni amalga oshirish taqiqlangan. Mazkur jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish maqsadida esa “eco-service.uz” axborot tizimi ishlab chiqilgan.

Davlat ekologik ekspertizasi markazi axborot xizmati rahbari Shahzoda Akramovaning ma’lum qilishicha, joriy yilning 1 fevralidan boshlab, “eco-service.uz” axborot tizimining yangi versiyasini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Xo‘sh, ushbu tizimda tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun qanday qulayliklar taqdim etiladi?

Mutaxassisning ta’kidlashicha, yangicha yondashuv tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonidan boshlab faoliyat turiga muvofiq ekologik baholash va me’yorlash talablari haqida xabardor qilish, faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ekologik me’yoriy hujjatlari bilan qamrov darajasini keskin oshirishga xizmat qiladi.

Ushbu tizim byurokratik to‘siqlar hamda qo‘l mehnatini qisqartirish, shaffof va qulay tizim yaratish, tizimda qamrov darajasini keskin oshirish hamda tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga qulaylik yaratilishini ta’minlaydi. Mamlakat bo‘yicha tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga umumiy ogohlantirish xati o‘zbek, rus, qoraqalpoq va ingliz tillarida tizimning veb-sahifasida joylashtirilib, havolasi sub’ektlarga SMS xabarnoma shaklida yuboriladi va ogohlantirish xatini ochib o‘qigan har bir sub’ekt belgilab boriladi.

Ogohlantirish xatining o‘zida barcha me’yoriy hujjatlar bilan tanishish hamda telegram bot yoki veb-sayt orqali ariza berish imkoniyati mavjud bo‘lib, ariza berish uchun ro‘yxatdan o‘tish yoki elektron raqamli imzodan foydalanish talab etilmaydi. Tayyor bo‘lgan elektron ariza bir martalik SMS kod bilan tasdiqlanadi. Tadbirkorlik sub’ektlari uchun loyiha hujjatlarini tayyorlash va topshirish bilan bog‘liq xarajatlar oldingidan 10 martaga — 340 000 so‘mdan 34 000 so‘mga arzonlashadi hamda 5 ish kunidan 1 ish kuniga qisqaradi, ya’ni 5 martagacha tezlashadi.

Davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish to‘g‘risida ogohlantirilgandan keyin ham xulosa olmagan yoki xulosaning amal qilish muddati o‘tgan tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar to‘g‘risida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hududiy inspektorlarning planshetlari orqali avtomatik tarzda xabarnoma berish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalari vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi ma’lumotlar bazasidan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish lozimki, mazkur tizim orqali o‘tgan yillarda yiliga 20 000 atrofida elektron arizalar ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, yangi tizim orqali 2024 yilning o‘zida 100 000 ortiq ariza ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Shuningdek, atrof muhitga ta’sir holatlarining nazorati yaxshilanadi.

Jarayonlar to‘liq raqamlashishi hisobidan ish sifati va samaradorligi keskin oshib, tizimning monitoring yuritish va statistik tahlillarni tayyorlash jarayoni avtomatlashadi. Yarim avtomatlashitirilgan tartibda tayyorlanayotgan loyiha hujjatlari hamda tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati oshadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA