O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Kuni kecha ikki mamlakat yetakchilari muzokaralardan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot bilan chiqdi.
Ekspertlar bu tashrifni tarixiy ahamiyatga ega deyishmoqda. Muloqot ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochishi shubhasiz. Zero, muzokaralar chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar va yangi marralar belgilab olindi.
Tashrifning ahamiyati haqida Malayziya Hukumati rasmiy delegatsiyasi vakillari fikrlari bilan qiziqdik.
Zafrul Abdul Aziz, Malayziyaning investitsiya, savdo va sanoat vaziri
– Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyev ham, Bosh vazirimiz Anvar Ibrohim ham ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan bayonotda bu tashrifning ahamiyatini yaqqol izohladi. Ta’kidlanganidek, ikki tomonlama munosabatlar uchun bu yangi sahifa ochmoqda. Ikki yetakchi ham savdo-sotiq hajmini oshirish zarurligini istamoqda. Bugungi kunda eksport-importning asosiy qismi elektrotexnika va elektronika sohalariga to‘g‘ri keladi. Ular savdoning yetmish foizini tashkil qilmoqda. Biz uning ko‘lamni boshqa tarmoqlar bo‘yicha ham kengaytirishimiz kerak. Xususan, sanoat, turizm, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga e’tibor qaratish zarur. Eng muhim sektorlardan biri bu raqamli iqtisodiyotdir. Biz sun’iy intellekt va raqamli infratuzilma haqida gaplashdik.
Shamsul Iskandar, Malayziya Bosh vaziri katta siyosiy maslahatchisi
– Ikki tomonlama uchrashuvda Prezidentingiz va Bosh vazirimiz iqtisodiy aloqalar, ta’lim, madaniy va gumanitar yo‘nalishdagi muhim masalalarni muhokama qildilar. Hamkorlikning shu sohalardagi rivojini birgalikda amalga oshirish haqida fikrlashildi. Takliflar aytildi. Mamlakatlarimizning boy tarixini tushunish, madaniy aloqalarni kuchaytirish haqida gaplashildi. O‘zbekistonning boy tarixi, sivilizatsion tajribasi bor. Aynan shuning uchun ham biz buni o‘rganishimiz, kelajak avlodga buni to‘g‘ri yetkazishimiz kerak. Biz bu yerdagi bir nechta nufuzli davlat oliy ta’lim muassasalari bilan sheriklik o‘rnatib, o‘zaro talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Qolaversa madaniy almashinuvni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston va Malayziya madaniy haftaligini tashkil qilish niyatimiz ham bor.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri