Ekspertlar 2024 yilda jahon hamjamiyati xalqaro savdo-sotiqning sekinlashuvi, siyosiy qarama qarshiliklarning kuchayishi va yangi inqirozlar bilan yuzma-yuz kelishi mumkinligi haqida ta’kidlashmoqda.
Ular xalqaro savdo va investitsiyalar o‘sishining sekinlashuvi, hamda milliy, mintaqaviy va global darajada siyosiy qarama-qarshiliklar mamlakatlarning o‘zaro hamkorliklariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytishmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bunga butun dunyoda ortib borayotgan jamoatchilik noroziliklari, xalqaro mojarolarning ko‘lami va sur’ati sabab bo‘lishi mumkin.
Masalan, 2024 yilda Amerika-Xitoy munosabatlarida keskinlik ortishi ehtimoli mavjud. O‘tgan yili noyabrda Xitoy raisi Si Szinpin va AQSH prezidenti Jo Bayden Osiyo Tinch okeani iqtisodiy hamjamiyati sammitida uchrashgan edi. Ikki davlat rahbarlari muloqoti chog‘ida ko‘p masalalar muhokama qilingan, lekin kelishmovchiliklarning tub ildizlari nafaqat hal qilindi, balki ko‘rib chiqilmadi ham. Qolaversa, joriy yilda AQSHda prezident saylovi bo‘lib o‘tishi hisobga olinsa, Bayden ma’muriyati barchaning ko‘zida qat’iyatini ko‘rsatib, inson huquqlari bilan bog‘liq masalalarni ro‘kach qiladi va Xitoy bilan iqtisodiy hamda texnologik almashinuvlarni cheklab qo‘yishi mumkin. Bu o‘z navbatida, Xitoy tomonidan javob choralari ko‘rilishiga sabab bo‘ladi”, – deydi ekspertlar.
2024 yilda harbiy mojarolarning asosiy o‘choqlari Yaqin Sharq va Afrikada kuzatilishi mumkin. Shuningdek, hududiy talashuvlar oqibatida Janubiy Amerikada, xususan, Venesuela va Gayana o‘rtasida ham harbiy mojaro kelib chiqish ehtimoli saqlanib qolmoqda.
Yaqin Sharqda, xususan, Qizil dengizda xusiylar tomonidan savdo kemalariga uyushtirilayotgan hujumlar javobsiz qolmasa kerak. Global ko‘lamdagi yuk tashishlar xavf ostida qolayotgan ekan, tabiiyki, kemalarni himoya qiish uchun harbiy kuchlar jalb qilinishi turgan gap. Amalda shunday bo‘lib chiqdi ham. Pentagon rahbari Lloyd Ostin xusiylarning tijorat kemalariga hujumi munosabati bilan Qizil dengizni himoya qilish bo‘yicha ko‘pmillatli amaliyot boshlanganini ma’lum qildi.
Isroil ogohlantirishlarga qaramay Livan hududida harbiy amaliyotlar o‘tkazishdan o‘zini tiymayapti. Natijada G‘azo sektoridagi harbiy harakatlar yaqin atrofdagi davlatlarga tarqalishi xavfi yuqoriligicha qolmoqda. Suriya va Iroqda ham harbiy mojarolar kuchayishi ehtimoli yuqoriligicha qolmoqda. U yerda shia guruhlari AQSH harbiy bazalariga hujum qilishda davom etmoqda, bu esa juda qattiq javob choralariga olib kelishi mumkin.
Venesuela va Gayana hozircha hududlar bo‘yicha muammolarni muzokaralar yordamida hal qilishga kelishib oldi, lekin katta ehtimol bilan bu kelishuvga amal qilinmasligi mumkin. Venesuela prezidenti Nikolas Maduro ushbu neft va gazga boy bo‘lgan hududdan voz kechib ketavermasa kerak, deydi kuzatuvchilar. O‘z navbatida Gayana ham hududini bermaslik choralarini ko‘radi. Masalan, yaqinda Buyuk Britaniya o‘zining qo‘riqchi kemasini Gayana sohillariga joylashtirdi. Ko‘rinib turibdiki, kichkina va aholisi oz bo‘lgan Gayana ortida qudratli davlatlar turibdi.
O‘tgan yili Burkina-Faso, Niger, Ruanda va Kongo Demokratik Respublikasida tinchimagan mojarolar 2024 yilda ham davom tishi mumkin. Bu mintaqada mojaroning sababi elektronika ishlab chiqarishda ishlatiladigan foydali qazilma konlari bo‘lmoqda.
Urush o‘choqlari ko‘payishi dunyo iqtisodiyoti va xavfsizligiga ham sezilarli ta’sir etishi shubhasiz. Chunki harbiy mojarolar ko‘paygan sari, qurollanish poygasi ham avj oladi. Misol uchun, dunyodagi eng yirik mudofaa kompaniyalarining olgan buyurtmalari hajmi so‘nggi yillarda sezilarli ravishda oshgan.
Sarmoyadorlarning qurol-yarog‘ biznesiga qiziqishi ortayotganiga mudofaa buyurtmalariga davlatning yuqori xarajatlari davri davom etayotgani sabab bo‘lmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, urushlar qancha-qancha odamlar boshiga kulfat yog‘dirishiga qaramay, uning ortidan qurol-yarog‘ korchalonlari mo‘may daromad ko‘rishi azaldan ma’lum.
S.Rahimov, O‘zA