Poytaxtimizdagi “Tomosha” bolalar teatr-studiyasi binosida “Prezident archasi” tantanalari boshlandi.

Bolajonlar intiqlik bilan kutadigan ushbu bayramga Mehribonlik uylarining tarbiyalanuvchilari, mehr-e’tiborga muhtoj bolalar, shuningdek, ota-onasi Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan harbiy xizmatchilarning o‘g‘il-qizlari taklif etildi.

Bayram doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Mehribonlik uylari, oilaviy bolalar uylari, “SOS – O‘zbekiston bolalar mahallalari” uyushmasining bolalar mahallalari, maxsus maktab-internatlarning tarbiyalanuvchilari, mahallalarda istiqomat qilayotgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun 11 ming dona maxsus sovg‘a tayyorlandi.

– Har yili bu bayramni bolajonlar orziqib kutadilar,– dedi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Dilshod Kenjayev. – Yurtimiz bo‘ylab Yangi yil tomoshalari bo‘lib o‘tmoqda. Bu yilgi teatrlashtirilgan tomoshalar bolajonlarimizni har qanday qiyinchiliklarga qaramay, dadil va olg‘a intilishga undashi, ezgulik, mehr, Vatanga, o‘z xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir. O‘ylaymanki, ushbu spektakl bolalarning xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladi.

– Bunday ajoyib bayramga birinchi marta kelishim, – dedi 22-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Leyla Ilinskaya. – “Prezident archasi” tadbirlarini o‘rtoqlarim doim maqtashadi. Chindan ham juda zo‘r tantana ekan.

– Bu bayram barchamizga juda yoqadi, – dedi oilaviy bolalar uyida tarbiyalanayotgan Dmitriy Mozgovoy. – Doim bizlarni ochiq chehra bilan kutib oladilar. Qiziqlari spektakllarni taqdim etadilar. Sovg‘alar berishadi.

Harbiy uchuvchi Ma’murjon Mirfozilov Vatanni ko‘z qorachig‘i kabi asrashdek muqaddas g‘oyani o‘z jonidan, insonga bir marta ato etiluvchi hayotidan ham aziz bilgan, umrini ona-yurtiga, xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga bag‘ishlagan harbiy uchuvchi edi…”Prezident archasi” tantanalariga uning o‘g‘li Zafarjon ham taklif etildi.

– Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan mehr-e’tibor menga yanada kuch bag‘ishlamoqda, – dedi harbiy uchuvchi M.Mirfozilovning turmush o‘rtog‘i Muqaddas Qoraboyeva. – Ayni e’tibor farzandimni ham o‘zini yolg‘iz emasligini anglatmoqda.

– Katta bo‘lsam dadam kabi uchuvchi bo‘lishni, O‘zbekistonimizni, oyijonimni himoya qilishni istayman, – dedi Zafarjon. – “Prezident archasi” bayramiga kelganimdan juda xursandman.

…Bayram va tantanalar avjida. Kimdir rasmga tushadi, boshqa birov Qorbobo va Qorqizga hayrat bilan tikiladi. Yana kimdir o‘zi tayyorlagan she’ri, qo‘shig‘ini aytishga shoshiladi. Jajji ishtirokchilar uchun maxsus teatrlashtirilgan tomosha taqdim etildi. Bu bayram bolalar qalbiga yorug‘lik, yaxshilik, ishonch va umid olib kelgani aniq.

– Bayram tantanalari bu yil juda yuqori ruhda o‘tmoqda, – dedi poytaxtimizdagi 30-Mehribonlik uyi direktorining o‘rinbosari Samandar Norbo‘tayev. – Muassasamizda 90 nafar bola tarbiyalanadi. Ayniqsa, kichkintoylar Yangi yil bayramiga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rdi. “Prezident archasi” tantanalarining yuksak saviyada o‘tayotgani ijtimoiy holatidan qat’i nazar, barcha bola birdek mehr-e’tibor og‘ushida ekanini anglatadi.

Sovg‘asiz bayram bayrammi?.. Tadbir yakunida kichkintoylarga “Prezident sovg‘alari” topshirildi.

Aytish kerakki, “Prezident sovg‘asi” tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bolalarga yo‘llagan Yangi yil bayram tabrigi, shirinliklar, kanselyariya mahsulotlari, smart soat va boshqa tuhfalar kiritilgan. Shuningdek, joriy yilda Mehribonlik uylari, Oilaviy bolalar uylari, SOS bolalar mahallalari, “Mehrli maktab”ning 12 yoshdan katta bo‘lgan 1600 nafar tarbiyalanuvchilari uchun sovg‘alar tarkibiga planshetlar kiritildi.

25-28 dekabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlarga “Uzbekistan Airways” Aksionerlik jamiyati samolyotlari hamda hududiy Davlat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalarining kuzatuvlari ostida maxsus avtotransport orqali yetkazildi. Ma’lum sabablarga ko‘ra bayramga kela olmagan bolalar uchun sovg‘alar mahalliy hokimliklar, sektorlar, Milliy gvardiya va vazirlikning hududiy bo‘limlari vakillari tomonidan ularning uylariga borgan holda tantanali tarzda topshirilyapti.

Mamlakatimiz bo‘ylab “Prezident archasi” tantanalari davom etmoqda.

 

Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (suratlar),  

O‘zA