Kelayotgan 2024 yilning eng muhim kompleks sport musobaqalaridan biri Janubiy Koreyaning Kangvon hududida o‘tadigan IV o‘smirlar qishki Olimpiya o‘yinlari hisoblanadi.
Osiyo qit’asida ilk bor o‘tadigan mazkur kompleks musobaqalarda dunyoning 1900 nafar sportchisi qishki Olimpiya o‘yinlarining yangi chempion, yulduzlari bo‘lish uchun 15 ta sport turining sovrinli o‘rinlari uchun kurash olib borishadi.
O‘smirlar qishkiOlimpiya o‘yinlari ko‘plab yosh sportchilar uchun jahon sport sahnasidagi ilk kompleks musobaqa ekanligi bilan ahamiyatlidir.
Musobaqalarda 81 ta Olimpiada unvonlari uchun kurash kechadi. O‘g‘il va qiz bolalar 34 tadan musobaqalar tizimida ishtirok etishi o‘smirlar Olimpiadasida gender tenglik ta’minlanganligidan dalolat beradi deyish mumkin.
Xo‘sh, mamlakatimiz vakillari ushbu qishki Olimpiya o‘yinlariga qay tarzda hozirlik ko‘rmoqda? O‘tgan davr mobaynida bu borada qanday tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi?
Aytish lozim, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 1 iyuldagi «2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida (Italiya) bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, mahoratli sportchilarni tanlash, ularga yetarli shart-sharoitlar yaratish borasida zarur masalalar hal etildi.
Aynan Janubiy Koreyada 19 yanvar –2 fevral kunlari bo‘ladigan IV o‘smirlar qishki Olimpiya o‘yinlari yana ikki yildan so‘ng Italiya muz maydonlarida kattalar o‘rtasida o‘tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning muhim bosqichi hisoblanadi.
O‘tgan davrda tayyorgarlik holatlarini tahlil qilish, sport federatsiyalariga, terma jamoalarga, alohida sportchilarga metodik yordam ko‘rsatish, milliy terma jamoalarning qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik holati bo‘yicha asosli takliflar ishlab chiqildi.
Qishki sport turlari bo‘yicha nufuzli xalqaro sport o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan milliy terma jamoa tarkibini shakllantirish, uzluksiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish hamda muhim reyting ochkolari taqdim etuvchi sport musobaqalarida ishtirokini ta’minlash yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirildi.
Yakunlanayotgan yilining sentyabr – dekabr oylarida tog‘ chang‘isi sport turi bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolari Italiya hamda Avstriya davlatlarida qimmatli reyting ochkolarni taqdim etuvchi sport musobaqalarida ishtirok etib, yakunda 2024 yil Koreya Respublikasining Kangvon shahrida o‘tadigan IV o‘smirlar qishki Olimpiya o‘yinlariga 2 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
– Davlatimiz tomonidan yaratib berilgan shart-sharoitlar tufayli mamlakatimiz sportchilaridan 16 yoshli Sabina Rejepova va Rauan Raimqulov Italiyada o‘tkazilgan saralash musobaqalarida Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritganligi yurtimiz qishki sport turlari tarixida yuksak natija bo‘ldi. Sportchilarimiz uch oydan oshiq vaqt mobaynida Yevropaning qator shaharlarida o‘tgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida, nazorat musobaqalarida murabbiylari Safar Egamberdiyev boshchiligida ishtirok etishdi, – deydi O‘zbekiston tog‘ chang‘i federatsiyasi bosh kotibi Andrey Voronov.
Dunyoning mahoratli o‘smir sportchilari ishtirok etishi kutilayotgan qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Sabina Rejepova va Rauan Raimqulov murabbiy Safar Egamberdiyev yetakchiligida Janubiy Koreyaga yo‘l oldi.
Ular IV o‘smirlar qishki Olimpiya o‘yinlari boshlangunga qadar musobaqalar bo‘lib o‘tadigan Janubiy Koreyaning Kangvon hududida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA