Futbol bo‘yicha Osiyo kubogiga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi ayni kunlarda Birlashgan Arab Amirliklarida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda.

Bugun, 25 dekabr kuni milliy terma jamoamiz mazkur mashg‘ulot doirasida Dubay shahrida Qirg‘iziston milliy terma jamoasiga qarshi nazorat uchrashuvida maydonga tushadi.

Uchrashuv rasmiy maqomga ega bo‘lmagani sababli murabbiylar o‘yin davomida to‘liq tarkibni sinovdan o‘tkazib olishi mumkin bo‘ladi. Ikkala terma jamoa murabbiylarining kelishuviga binoan uchrashuv to‘liq yopiq tarzda tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo kubogi bahslari kelgusi yilning 12 yanvar-10 fevral kunlari 24 ta milliy terma jamoalar ishtirokida Qatar futbol maydonlarida bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi qit’a kubogi bahslarida “B” guruhida Avstraliya, Suriya va Hindiston jamoalari bilan kuch sinashadi.

Hamyurtlarimiz Osiyo kubogidagi ishtirokini 13 yanvar kuni Suriya terma jamoasiga qarshi o‘yin bilan boshlaydi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA