Yoz yaqinlashgani sari ashaddiy futbol muhlislarini hayajon bosayotgani rost. Boisi ushbu yil ularning eng sevimli musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Hozirdanoq taxminlar boshlangan. Kimdir o‘tgan galgi chempionlarni favorit sanasa, yana kimdir Neymari bor jamoani favorit deydi. Boshqasi Messi va uning sheriklariga ishonch bildiradi. Bu yoqda Keyn hamda Grizmann o‘ynaydigan termalar ham qolib ketmasin tag‘in. Bir klubda to‘p suradigan, bitta guruhdan o‘rin olgan Isko va Ronalduning mamlakatlaridan ham har narsa kutish mumkin. Eden Azarning termasi, Kolumbiya va Misrdan ham ijobiy natijalar kutish mumkin. Xullas, bu yil favoritlar ko‘p.
Yo‘q, kechirasiz, adashdim. Uzr. Bu yil autsayderlar kam. Na chora kubok bitta. Eng munosibi uni yutib olsin deymiz.
Yaqinda ana shu sovrin uchun kurashayotgan terma jamoalar “Rossiya – 2018” uchun o‘zlarining kengaytirilgan va yakuniy tarkiblarini e’lon qila boshladi. Bir qator mamlakatlar bosh murabbiylari mundialga borish imkoniyati yuqori bo‘lgan futbolchilarning ro‘yxatini taqdim etmoqda. Ammo bora olmasdan qolib ketayotgan yulduzlar ham bor. Undan ham ko‘pi yurti jahon chempionatiga chiqa olmaganlaridir. Biz bugun ana o‘sha musobaqaga borishdek baxtga muyassar bo‘la olmagan futbolchilar ro‘yxatini havola etmoqchimiz.
Demak, darvozbon Yan Oblak;
himoyachilar: Dani Alvesh, Loran Kotsiyelniy, Virgil van Deyk, Alex Sandro;
yarim himoyachilar: Alex Oxlayd-Chemberlen, Jek Vilsher, Marko Veratti, Geynrix Mixtaryan;
hujumchilar: Karim Benzema Garat Beyl, Per-Emerik Obameyang, Alekis Sanchez.
Shuningdek, Jo Hart, Jorgio Kyellini, Bonuchchi, David Alaba, Vilfred Zaxa, Lars Shtindl, Miralim Pyanich, Nabi Keyta, Riyod Mahrez, Arturo Vidal, Dimitri Payet, Kristian Pulishich, Marek Gamshik, Mario Gotze, Aleksandr Lyakazet, Alvaro Morata, Sergio Roberto, Markos Alonso, Edin Djeko, Antoni Marsial.
Ushbu keltirib o‘tgan futbolchilarning ayrimlari jarohat tufayli o‘tkazib yuborsa, boshqalari terma jamoasi bilan saralash bahslaridan o‘ta olmagan. Yana bir qatorlariga tarkibdan o‘rin topilmagan. Qisqasi, murabbiy ularni o‘zi bilan Rossiyaga olib kelishni istamaydi. Xususan, Karim Benzema 2015 yildan beri termaga jalb etilmaydi. Bunga sabab sifatida bosh murabbiy Didiye Desham bilan munosabatlari yaxshi emasligi ko‘rsatiladi. Yana jamoadoshi Valbuyena bilan bo‘lib o‘tgan voqea ham sabab bo‘lishi mumkin. Va boshqa bir tahmin ham borki, bunisi ham haqiqatga yaqinroq: Benzemaga tarkibda joy yo‘q. Chunki markaziy hujumda Oliver Jiru yaxshi harakat qila oladi. Klian Mbappe ham. Antuan Grizmanni esa hujumning istalgan nuqtasida o‘ynatish mumkin.
Boshqa termalarda ham shunga o‘xshash muammolar bor. Mundialga har kim borishni istaydi, albatta. Lekin iloj qancha. Germaniyaning Bavariya klubida to‘p tepuvchi futbolchisi Sandro Vagner murabbiyning jamoaga taklif qilmaganidan xafa bo‘lib termadagi faoliyatini yakunladi. Va boshqa futbolchilar esa mundialda to‘p tepish uchun qishki transfer oynasida klubini almashtirdi ham. Bunga yaqqol misol Olive Jiru. U Arsenaldagi o‘yin amaliyoti kamayib ketganidan xavotirlanib Chelsiga o‘tdi. Natija yomon emas. Ikkinchi davrada Jiru juda yaxshi harakat qilganligi uchun (asosan, zahiradan tushib 17 o‘yin 8 ta gol) Desham uni Fransiya termasiga jalb qildi.
Ishonamizki, har bir terma jamoaga o‘z pozitsiyasida eng munosib futbolchilar jalb etiladi va ular bizga yozning qaynoq oqshomlarida mundialni tomosha qilish zavqini hadya etishadi.
Xullas, shunaqa gaplar.
Shohrux No‘monov, O‘zA