Mamlakatimiz keyingi yillarda yirik sport musobaqalari, anjumanlari o‘tkaziladigan davlatlardan biriga aylanib bormoqda.
Noyabr oyi davomida yurtimizda futbol, yengil atletika, professional boks, dzyudo, kurash, qilichbozlik kabi bir qator sport turlari bo‘yicha yirik anjumanlar tashkil etildi. Ushbu sport tadbirlarining har birida ko‘plab davlatlarning delegatsiyalari, taniqli sport namoyandalari, xalqaro sport tashkilotlarining mutasaddilari qatnashdi.
O‘zbekiston Milliy universiteti stadionida regbi-7 bo‘yicha “Open Central Asia Championship” musobaqasi ham xalqaro sport tadbirlaridan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonning 100 nafardan ortiq regbichilari ishtirok etgan turnirda jamoalar o‘z iqtidorlarini namoyon qilib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Shiddatli bahslar sarhisobiga ko‘ra, erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarda O‘zbekiston-1 va O‘zbekiston-2 jamoalari oltin-kumush medallariga ega chiqqan bo‘lsa, bronza medali Qirg‘iziston vakillariga nasib etdi.
Ayollar o‘rtasidagi o‘yinlar natijasiga binoan Qozog‘iston jamoasi g‘oliblikni tantana qildi. Sovrinli o‘rinlar yurtimiz regbi jamoalariga tegishli bo‘ldi.
Chempionat doirasida Osiyo regbi federatsiyasining 2023 yil yakunlari hamda kelgusi yil rejalariga bag‘ishlangan yig‘ilish tashkil etildi.
Osiyo regbi federatsiyasi prezidenti Kais Al Dxalai, federatsiya ijroiya qo‘mitasi a’zolari ishtirok etgan yillik yig‘ilishda mutasaddilarning hisoboti tinglandi. Regbi-7, regbi-15 bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda milliy terma jamoalar ishtirokini ta’minlash, hakamlik va murabbiylik faoliyatlari bo‘yicha o‘quv kurslarda o‘qish hamda nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida Osiyo regbi federatsiyasi rahbarlari regbi-7 bo‘yicha “Open Central Asia Championship” musobaqalari Toshkent shahrida yuqori saviyada tashkil etilganini e’tirof etdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA