Belarus poytaxti Minsk shahrida qo‘l jangi bo‘yicha o‘tkazilgan jahon kubogi final bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari umumjamoada birinchi o‘rinni egalladi.
Dunyoning 30 ta mamlakatidan 300 nafarga yaqin sportchilar ishtirok etgan nufuzli musobaqada mamlakatimiz vakillari shiddatli bellashuvlarda o‘z mahoratini namoyish etdi.
Jahon kubogi bellashuvlari sarhisobiga ko‘ra, yurtimiz sportchilari 7 ta oltin, 4 ta kumush va 12 bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Umumiy hisobda 23 ta medallar shodasiga ega chiqqan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni, Rossiya terma jamoasi ikkinchi va Janubiy Osetiya sportchilaridan tashkil topgan jamoa uchinchi o‘rin sohibi bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish kerakki, qo‘l jangi bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2011 yili AQSHda, 2019 yili Germaniya, 2020 yili Belarus va 2021 yili esa Rossiyada o‘tgan jahon kubogi musobaqalarida munosib natijalarga erishgandi. Bu gal Belarus poytaxtidagi muvaffaqiyat esa yangi g‘alabalar eshigi ochilganidan dalolatdir.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA