Sirdaryoda dunyoning 14 ta davlatidan tashrif buyurgan 208 nafar polvon belbog‘li, bel olish va uch kurash bo‘yicha o‘tkazilgan olishuvlarda murosasiz kurashdi.

Dastlabki kuni uch kurash musobaqasi o‘tkazilib, g‘oliblar aniqlangan bo‘lsa, chempionatning ikkinchi kuni tomoshabinlar belbog‘li kurash bellashuvlaridan zavq oldi.

Qo‘lga kiritilgan 8 ta oltin, 7 ta kumush, 4 ta bronza medallari sirdaryolik kurashchilar hissasiga to‘g‘ri keldi. Aytish kerakki, belbog‘li kurash so‘nggi yillarda dunyo xalqlari orasida rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, Eron, Tojikiston, Ozarbayjon va Gruziya davlatlari polvonlarining mahorati oshib borayotganligi bellashuvlarda yaqqol namoyon bo‘ldi.

Jahon chempionatining so‘nggi kuni bel olish va halqa yo‘nalishlarida kuchlilar saralandi. Barchaning nigohi 96 kg dan yuqori vaznli polvonlar o‘rtasidagi final uchrashuviga qaratildi.

Sirdaryolik polvon Baxtiyor Jumaboyev bel olish bo‘yicha finalda eronlik raqibiga qarshi gilamga chiqdi. Murosasiz olishuvda amaldagi jahon chempioni Baxtiyor polvonga omad kulib boqdi.

Halqa yo‘nalishi bo‘yicha kechgan og‘ir vaznli kurashchilar bahsida ham oltin medal sirdaryolik polvon Islom Nosirovga nasib etdi. U finalda qozog‘istonlik raqibi ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi.

Guliston shahri mezbonlik qilgan jahon chempionati yakunlandi. Umumjamoa hisobida O‘zbekiston terma jamoasi 1 o‘rinni egallagan bo‘lsa, Tojikiston vakillari 2- pog‘onadan joy oldi. Qozog‘iston polvonlari 3- o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘olib va sovrindorlar medal, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Sh.Suyarov, Sh. Ortiqboyev(surat),  

O‘zA muxbiri