Bugun, 21 noyabr kuni poytaxtimizdagi “Universal” sport majmuasida boks bo‘yicha yilning eng muhim musobaqasi bo‘lgan erkaklar va ayollar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati bahslari boshlandi.
Xo‘sh, mamlakat chempionatida nomdor bokschilarimizdan kimlar ishtirok etadi-yu, kimlar tomoshabinlar safida janglarni kuzatib borishi ko‘p ming sonli muxlislarni qiziqtirishi tabiiy.
O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shoxid Tillaboyevning O‘zA muxbiriga bildirishicha, chempionatda Parij-2024 yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Hasanboy Do‘smatov, Abdumalik Xalakov, Bahodir Jalolov va Nigina O‘ktamovadan boshqa barcha bokschilar O‘zbekiston chempionatida ringga ko‘tarilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi uchun iqtidorli sportchilarni saralab beradigan chempionatni boshqarib borishda yurtimizning tajribali hakamlari bilan birgalikda bir qator chet ellik referilar ham bahslarni boshqarib borishda ishtirok etadi.
“Universal” sport majmuasida o‘tadigan mamlakat chempionati 29 noyabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA