O‘tgan haftaning so‘nggi kunlarida futbol bo‘yicha Yevropa qit’asida bir qator qiziqarli uchrashuvlar o‘tkazildi. Ayrim terma jamoalar kelgusi yili Germaniyada o‘tadigan Yevropa chempionatiga yo‘l oldi. Ushbu uchrashuvlarda ayrim futbolchilar yangi rekordlarni o‘rnatdi.
Tushunib turganingizdek, bugungi futbol bo‘yicha kichik sharhimiz “Yevro-2024” saralash bahslariga qaratiladi.
“Ko‘hna qit’a”ning eng muhim musobaqalaridan biri bo‘lgan Yevropa chempionatining saralash bahslari “F” guruhidan o‘rin olgan Belgiya va Ozarbayjon terma jamoalari bahsida maydon egalari 5:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yinda Lukaku raqib darvozasini to‘rt marotaba ishg‘ol etgan bo‘lsa, 90-daqiqada Trossard so‘nggi golga mualliflik qildi. Shu tariqa, Belgiya guruhda 20 ochko to‘plagan holda peshqadamga aylanib oldi.
“Yevro-2024” saralashining “A” guruhida ham kutilganidek Ispaniya 21 ochko jamg‘argan holda yetakchilik qilmoqda. Ispanlar so‘nggi uchrashuvda Gruziyani 3:1 hisobida taslim qildi. Shuningdek, guruhda jangovar tarzda o‘tgan Shotlandiya va Norvegiya o‘yini 3:3 hisobida yakunlandi. Ushbu durangdan so‘ng Shotlandiyaning ochkolari 17 taga yetdi va Norvegiyadan 6 ochkoga o‘zib ketdi.
Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya terma jamoasi Islandiyani o‘z maydonida 2:0 hisobida yengdi. Uchrashuvning 37-daqiqasida Fernandesh hisobni ochgan bo‘lsa, 66-daqiqada Xorta ikkinchi golni raqib darvozasiga joylab qo‘ydi.
E’tiborlisi, Portugaliya terma jamoasi “J” guruhida o‘tkazilgan 10 ta o‘yinda 36 ta gol urib, ochkolarini 30 taga yetkazib oldi. Bu jamoa hatto saralash bosqichida birorta ham o‘yinda ochko yo‘qotmadi. Martines shogirdlarining eng yaqin ta’qibchisi Slovakiyada 22 ochko bor va u ikkinchi pog‘onadan o‘rin egallagan.
So‘nggi yillarda Fransiya terma jamoasi yuqori o‘sishga erishdi. Jamoa tarkibidagi muhim o‘yinchilardan biri Kilian Mbappe yuqori natijalar qayd etmoqda. Shu sababli ushbu jamoa o‘yinlari va natijalariga alohida to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.
2024 yil Germaniyada o‘tadigan Yevropa chempionatining saralash turnirida Fransiya terma jamoasi “B” guruhida 21 ochko to‘plagan holda jadvalda birinchi pog‘onada bormoqda. Fransiya Gibraltar termasiga qarshi o‘tgan o‘yinda 14:0 hisobida zafar quchdi. O‘yinda Mbappe xet-trik, Koman va Jiru dubl, Tyuram, Zair-Emeri, Kloss, Fofana, Rabo va Dembelelar o‘z hisobiga bittadan gol yozdirib qo‘ygan bo‘lsa, Santos o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi.
Fransiya terma jamoasi ushbu yirik g‘alabadan so‘ng, uchta rekord o‘rnatdi. Fransiya – Gibraltar bahsi Yevropa chempionati saralash turnirlari tarixida eng ko‘p to‘p kiritilgan uchrashuv bo‘ldi. Ma’lumot uchun bundan avvalgi rekord Germaniya hamda San-Marino o‘rtasidagi bahsda qayd etilgan edi. Unda olmoniyaliklar 13:0 hisobida zafar quchgan. Yana bir rekord fransuzlar o‘z tarixidagi eng yirik hisobga erishdi. Avvalgi rekord Fransiya – Ozarbayjon o‘yinida o‘rnatilgan edi. O‘shanda ular 10:0 hisobida g‘alaba qozongan.
Uchinchi rekord Kilian Mbappe tomonidan o‘rnatildi. U Fransiya terma jamoasi safida Gibraltar darvozasini uch marotaba ishg‘ol qilganidan keyin umumiy gollari sonini 300 taga yetkazib oldi. 24 yoshli futbolchi bu natijaga Krishtianu Ronaldu, Lionel Messi va Neymardan erta erishdi. Bu uch hujumchi gollari sonini 300 taga yetkazganida yoshi 25 dan o‘tgan edi. Ishonamizki, bu yuksak iste’dodli futbolchi bunday rekordlarni bir qanchasini o‘rnatishda davom etadi.
Umuman olganda Kilian Mbappening yangidan-yangi rekordlarini sanash mumkin. Ushbu uchrashuvdagi uch golidan so‘ng, bu yil xalqaro miqyosda urgan gollari sonini 10 taga yetkazib oldi. Shu tariqa, 24 yoshli hujumchi Fransiya terma jamoasi safida ketma-ket ikki yil o‘nta va undan ko‘p to‘p kiritgan futbolchiga aylandi. Mbappe 2022 yil terma jamoa o‘yinlarida raqiblar darvozasini 12 marotaba aniq nishonga olgan edi.
Ta’kidlash joizki, Mbappe terma jamoaning umumiy to‘purarlari reytingida uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Uning hisobidagi gollar soni 46 tani tashkil qilmoqda. Kilian Olive Jiru va Terri Anridan ortda qolyapti xolos.
Umuman olganda Mbappening o‘yini shu sur’atda davom etsa, u eng ko‘p gol urgan futbolchilar orasida birinchi o‘ringa chiqib olishi mumkin. Hozirda esa ushbu rekord uchun biroz vaqtli. Sababi, sentyabr oyida Ronaldu faoliyati davomida 850 ta gol urgan birinchi futbolchiga aylandi. Uning hisobida 1 ming 188 ta o‘yinda 858 ta gol bor. Messi hisobida 1 ming 44 ta o‘yinda 821 ta gol mavjud.
Darvoqe, sharhimiz so‘ngida ikki og‘iz O‘zbekiston Superligasi haqida to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Kuni kecha Superliganing 21-turida qoldirilgan “Surxon” – “Olimpik” bahsi yakunlandi. Unda mezbonlar kichik 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindagi yagona gol 49-daqiqada Tamerlan Jamalutdinov tomonidan penaltidan kiritildi.
Shu tariqa, “Surxon” 37 ochko bilan 6-pog‘onadan joy egalladi. Timur Kapadze shogirdlari esa 28 ochko bilan 9-o‘rinda qoldi.
Ushbu o‘yindan so‘ng musobaqada barcha jamoalar 24 ta o‘yin o‘tkazdi va jadvalda “Paxtakor” 50 ochko bilan birinchi pog‘onada qoldi. “Navbahor” va “Nasaf” esa bir xil 46 ochko jamg‘argan bo‘lib “Nasaf” gollar nisbatiga ko‘ra ikkinchi pog‘onada bormoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA