O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 noyabrda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitida so‘zlagan nutqida jumladan, shunday ta’kidladi:

– Dunyo siyosiy arxitekturasi tom ma’noda o‘zgarmoqda, global miqyosda qayta shakllanmoqda. Ayni murakkab jarayonda salmoqli ta’sir kuchiga ega tashkilotimiz tarkibidagi davlatlar hamjihat harakatlanishi, vujudga kelayotgan xavf-xatar, tahdidlarga samarali qarshi turishi juda muhim.

Tahlillarga ko‘ra, global inqirozga qaramasdan, IHT iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur’atini namoyon etmoqda. Masalan, so‘nggi olti yilda O‘zbekiston  yalpi ichki mahsuloti hajmi 1,5 yarim barobar ko‘paydi. Mamlakat 2030 yilga qadar ushbu ko‘rsatkichni yana ikki barobar oshirishni rejalashtirmoqda. Bunga, avvalo, “yashil” iqtisodiyot va zamonaviy infratuzilmani barpo etish, xususiy sektorni rag‘batlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, faol ravishda xorijiy investitsiya jalb etish hisobiga erishish ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekiston IHTning asosiy hujjati – “Istiqbol-2025” ijrosi sarhisobini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu nuqtai nazardan Prezident “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari-2035” yangi hujjati uchun mamlakatimiz takliflarini ilgari surdi.

O‘zaro savdoni rag‘batantirish

O‘tgan yil mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichi 85 milliard dollarni tashkil etdi. Bu raqam tashkilotga a’zo davlatlar umumiy tashqi savdosining atigi 8 foiziga teng.

– Afsuski, imtiyozli savdo bitimini tuzish bo‘yicha ko‘p yillik urinish kutilgan samarani bermayapti, – deya ta’kidladi O‘zbekiston Prezidenti. – To‘siqsiz savdoni shakllantirish yo‘lida hali-hamon ko‘plab cheklov, muammolar saqlanib qolmoqda. Bu holatni ochiq tan olishimiz zarur, ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun, vaziyatga yangicha qarash bilan yondashishimiz kerak.

Davlatimiz rahbati IHT doirasida savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishga chorladi. Mazkur hujjatda tovar va xizmat savdosini yengillashtirish, texnik va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya tartib-qoidasini raqamlashtirish, elektron savdoni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Dastlabki hisob-kitobga ko‘ra, ayni chora-tadbirlar yordamida 2035 yilga borib o‘zaro savdo miqdoriini kamida ikki barobar ko‘paytirish mumkin.

O‘zaro transport-kommunikatsiya zanjirini kengaytirish

“Biz Osiyo-Tinch okeani, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa mintaqalari yirik bozorlari bilan bog‘laydigan va hududimiz orqali o‘tadigan transkontinental transport yo‘laklari salohiyatidan to‘liq foydalanishimiz zarur”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” va Transafg‘on multimodal yo‘llari ishga tushirilishi barcha a’zo davlatlar manfaatiga mos.

Mamlakat yetakchisi Toshkentda 2 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Transport vazirlari yig‘ilishida “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan hujjatga boshqa a’zolarni ham qo‘shilishga, o‘zaro tarif va yig‘imlarni maqbullashtirishga chaqirdi.

O‘zbekiston Ozarbayjon va Turkiya bilan yuk tashish hujjatlarini raqamlashtirdi, boshqa davlatlar bilan ham ayni jarayonga kirishilgan. Respublikamiz Prezidenti bunday zamonaviy tizimlarni keng joriy qilish hamda samarali muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida IHT ning Raqamli transport va bojxona ofisini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Sanoat kooperatsiyasi hamda ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish, industrial xablarni shakllantirish

O‘zbekiston o‘zaro investitsiya oqimini tezlashtirish va himoya qilish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar dasturini ishlab chiqib, IHT Kotibiyatiga taqdim etdi. Mazkur hujjatda kimyo, energetika, geologiya, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika va qurilish sohalarida yangi qo‘shma loyihalar ilgari surilishi maqsad qilib qo‘yilgan.

“Bu ezgu yo‘lda tashkilotning Savdo va taraqqiyot banki bilan sheriklik ko‘lamini kengaytirish tarafdorimiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sammit oldidan Toshkentda o‘tgan Savdo-sanoat palatalari va ko‘plab kompaniyalar rahbarlari ishtirokidagi beshinchi biznes-forum xususiy sektorda ulkan salohiyatga mavjudligshini yaqqol ko‘rsatdi.

“Biz tashkilotimiz doirasida Hududlararo sanoat ko‘rgazmasini tashkil etish va dastlabki tadbirni 2024 yil yurtimizda o‘tkazish taklifini ilgari suramiz”, – deb ta’kidladi Prezident.

 Энергетика xavfsizligini kafolatli ta’minlash 

O‘zbekiston  2030 yilgacha 25 GVt quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratish va tegishli balansdagi ulushni 40 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Shu yilning o‘zida mamlakat 2 GVt quvvatga ega yirik shamol va quyosh elektr stansiyalarini ishga tushiradi va “yashil vodorod” ishlab chiqarish sohasida ham ilk qadamlarni qo‘yadi.

“Ayni yo‘nalishda barcha davlatlar bilan ochiq muloqot va tajriba almashishga tayyormiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qilish va ishni tizimli asosda olib borish uchun Prezident IHT doirasida alohida Energetika vazirlari kengashini ta’sis etishni taklif qildi.

Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha aloqalarni jadallashtirish

Prezident IHT doirasida Ekologiya masalalari bo‘yicha yuqori darajali platforma yaratish g‘oyasi qo‘llab-quvvatlangani uchun tashakkur izhor etdi. O‘zbkiston mana shunday birinchi anjumanni 2024 yil Samarqand iqlim forumi doirasida tashkil etishga tayyor.

Davlatimiz rahbari IHT vakillarini kelgusi hafta yurtimizda tashkil etiladigan BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi bajarilishini ko‘rib chiqish bo‘yicha qo‘mita yig‘ilishida faol ishtirok etishga chorladi.

Turizm sohasida hamkorlikni kuchaytirish

IHT makonida YUNESKOning 90 ga yaqin Jahon merosi ob’ektlari joylashgan bo‘lib, mamlakatlarmizga har yili salkam 80 million xorijiy sayyoh tashrif buyurmoqda.

“Transchegaraviy yo‘nalishlar tobora ommalashayotganini hisobga olib, qo‘shma turistik marshrutlar joriy etish hamda “Ipak yo‘li” turizm brendi ostida umumiy sayyohlik dasturlarini ko‘paytirishni taklif etaman” – dedi Prezident.

O‘zbekiston yetakchisi IHT Kotibiyati huzurida a’zo mamlakatlar turizm ma’muriyati va yetakchi ekspertlardan iborat alohida Turizm bo‘yicha maslahat qo‘mitasi tashkil etish taklifini bildirdi.

“Tuzilmaning ilk uchrashuvini kelgusi yil IHT turizm poytaxti deb e’lon qilingan Shahrisabz shahrida o‘tkazishga tayyormiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish orqali do‘st xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish

Mamlakatlarimizda navbat bilan Madaniyat, san’at va kino haftaliklari o‘tkazilishini, yoshlarning ijodiy festivallari va innovatsion hamkorlik platformasini yo‘lga qo‘yish, fundamental ilmiy yo‘nalishlarda sheriklikni kuchaytirish IHT mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalar rivojiga kuchli turtki beradi.

Yaqin Sharqdagi Falastin – Isroil urushi to‘g‘risida

– Ming afsuski, qonli nizo oqibatida, eng avvalo, begunoh aholi vakillari, ayniqsa, juda ko‘pa yollar, bolalar va keksalar qurbon bo‘lmoqda – deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. – Urushning mintaqa bo‘ylab yoyilib ketish xavfi tobora ravshan tus olmoqda. Qarama-qarshilik keng ko‘lamli mojaroga aylanib ketishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Biz tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatni to‘xtatish, tinchlik uchun muzokarani boshlash, oqilona murosaga kelishga chaqiramiz.

“Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, ya’ni, o‘z mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega, degan qat’iy pozitsiyamizni yana bir bor bildiramiz”, – deya qo‘shimcha qildi davlatimiz rahbari.

Prezident sammit IHT a’zolaridan biri – Afg‘oniston ishtirokisiz o‘tayotganiga diqqatini qaratdi.

– Asrlar davomida bizga yon qo‘shni bo‘lgan ko‘p millatli Afg‘oniston xalqini bugungi murakkab muammolari qarshisida yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi, – deya masalaga urg‘u berdi O‘zbekiston yetakchisi. – Ushbu mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayoniga faol jalb etish barqaror taraqqiyotimizning ajralmas va zaruriy shartidir.

Davlatimiz rahbari yakunda afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni ko‘paytirish, ushbu mamlakatdagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni jamoaviy mas’uliyat va maqbul mexanizm asosida hal etishga da’vat etdi.

O‘zA