Bugungi kunda yurtimizda aholi bandligini ta’minlash va malakali mutaxassislar tayyorlash samaradorligini oshirish maqsadida tadbirkorlikka yanada keng imkoniyatlar yaratilib, moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yaratilmoqda. Bunda Prezidentimizning 2023 yil 12 iyundagi “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni dasturilamal vazifasini bajarmoqda.

Farmonga ko‘ra, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amaliyotga joriy etildi.

– Dasturga asosan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi fuqarolar uchun ish o‘rni yaratgan tadbirkorlarga qator soliq imtiyozlari berildi, – deydi Navoiy viloyati soliq boshqarmasi Yuridik shu’basi boshlig‘i Inomjon Tilavov. – Xususan, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolar kamida 1 yil davomida ish bilan ta’minlangan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etgan tadbirkorlar mol-mulk hamda yer solig‘i bo‘yicha soliq imtiyozlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Bunda 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlar uchun mol-mulk va yer solig‘ining amaldagi soliq stavkasi 50 foizga, 101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratadiganlar uchun 75 foizga kamaytiriladi, 200 tadan ortiq ish o‘rni yaratadiganlar mazkur soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi.

Dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga barcha soliqlarni (qo‘shimcha qiymat solig‘i va soliq agentlari sifatida to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno) ta’minotsiz va foizsiz ma’lum muddatlarga bo‘lib to‘lash huquqi berildi. Jumladan, 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlarga – 3 oy muddatda, 101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlarga – 6 oy muddatda, 200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlarga – 12 oy muddatda belgilangan soliqlarni bo‘lib to‘lash huquqi berildi.

Eng muhimi, dasturga kiritilgan tadbirkorlar tomonidan yangi ish o‘rinlari yaratilgan taqdirda ularga nisbatan belgilangan tartibda soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi. Masalan, 51 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlarda soliq auditi hamda 200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlarda barcha turdagi soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.

E’tiborlisi, mazkur dasturda kamida ikki yil faoliyat ko‘rsatayotgan va ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etishi mumkin.

Bugungi kunda Navoiy viloyatida 263 nafar yuridik shaxs mazkur dasturda ishtirok etib, ularga sertifikatlar taqdim etilgan. Asosiysi, yaratilgan imtiyozlardan samarali foydalanayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan 5185 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

– O‘z faoliyatini yanada rivojlantirish va kengaytirish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan 574 nafar aholi bandligini ta’minlagan 51 ta tadbirkorlik sub’ekti kredit olish istagini bildirgan bo‘lib, bugungi kunda ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda, – deydi I.Tilavov. – Jumladan, mahallabay o‘rganishlar natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanuvchi Karmana tumanidagi “KAR-RIG TRANS” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash maqsadida muzlatkich qurish uchun “Hamkorbank”ning Navoiy viloyat filialidan 2 milliard so‘m kredit ajratish masalasi ijobiy hal etildi.

Shuningdek, dasturga kiritilgan tadbirkorlar tomonidan fuqarolar ishga qabul qilinganda hamda oyiga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda, ya’ni bugungi kunda 980 ming so‘m ish haqi hisoblanganda, daromad solig‘i ish beruvchiga qaytarib beriladi hamda ularga ijtimoiy soliq stavkasi 50 foizga kamaytirilgan holda qo‘llaniladi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri