2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi 9 oylik yakuni ijrosiga ko‘ra, YAIM o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,8 foizni tashkil qildi.

Davlat byudjeti daromadlari 98,8 trillion so‘mga ijro etildi. Davlat byudjeti jami xarajatlari 201,3 trillion so‘mni, shundan ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgan xarajatlar 98,5 trillion so‘mni tashkil qildi. Ushbu sarflangan xarajatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,3 foizga oshdi.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida Davlat dasturining 9 oylik ijrosini muhokama qilish davomida aytib o‘tildi.

Fraksiya a’zolari partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda qator yo‘nalishlardagi byudjet mablag‘lari ijrosiga e’tibor qaratdi. Yig‘ilishda qayd etilganidek, yoshlar muammolari va murojaatlari bilan ishlashning yangicha mexanizmi joriy etilib, yoshlarga “yoshlardaftari.uz” elektron platformasi, “1093” qisqa raqamli koll-markazi yoki mahalla yetakchisi orqali onlayn ariza qoldirish va murojaat holati to‘g‘risida ma’lumot olish imkoniyati yaratilgan. Hisobot davrida Yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida yoshlar murojaatlarini ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 5 kunga, yordam ko‘rsatish 40 kundan 16 kunga qisqartirilishiga erishilgan. Yetakchilar tavsiyasi asosida ko‘rsatiladigan yordam turlari 11 tadan 25 taga yetkazilgan.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar byudjetdan ajratilgan har bir so‘m mablag‘dan tejab-tergab, maqsadli foydalanish hamda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish va bu borada nazoratni yanada kuchaytirish lozimligini ta’kidladi.

Shuningdek, fraksiya a’zolari 2024 yilgi Byudjetnomani ham muhokama qilib, qator taklif va tavsiyalarni o‘rtaga tashladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA