Sochi shahrida sport sohasida Rossiya-O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida o‘tkazilayotgan xalqaro yakkakurashlar festivalida O‘zbek sporti – kurashning jozibali usullari namoyish etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi mazkur xalqaro yakkakurash festivalida ishtirok etmoqda.

Rossiya Olimpiya qo‘mitasi va Krasnodar o‘lkasining sport tashkilotlari tashabbusi bilan tashkil etilayotgan tadbir doirasida O‘zbek sporti kurash va boks bo‘yicha har ikki mamlakatning taniqli sportchilari ishtirokida bellashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Dastavval, sport sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish mavzusida uchrashuv o‘tkazildi. Unda hamkorlikning yangi qirralari muhokama qilindi.

Rossiya Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Rodion Plituxin uzoq yillardan beri rivojlanib borayotgan hamkorlikni kelgusida ham davom ettirishdan mamnun ekanini bildirdi. Shuningdek, ilm-fan va gumanitar sohalardagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida ikki tomon o‘rtasida imzolangan memorandum bugungi kunda professional atletlarni tayyorlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

Dasturga muvofiq, festivalning ilk kunida kurash bo‘yicha xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tdi. Unda beshta mamlakatdan tashrif buyurgan polvonlar bahs olib bordi.

Festival nizomiga muvofiq, boks bo‘yicha “Rio-2016” Olimpiadasi g‘oliblari, hamyurtlarimiz Hasanboy Do‘smatov va Fazliddin G‘oibnazarov, tajribali professional bokschimiz Botir Ahmedov hamda rossiyalik bir qator nomdor charm qo‘lqop vakillari ishtirokida professional boks kechasi bilan davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA