Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 3 noyabr kuni G‘azodagi shifoxonalar yaqinida sodir etilgan hujumlarni keskin qoraladi. Bayonotda aytilishicha, “Al-Shifo” majmuasiga uyushtirilgan hujum chog‘ida tez yordam mashinalari og‘ir yaralanganlar va bemorlarni G‘azo sektori janubiga ko‘chirgan.

– Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, 13 kishi halok bo‘lgan, 60 dan ziyod inson jarohatlangan, – deyiladi xabarda. – Kasalxona infratuzilmasi va tez yordam mashinasi shikastlangan.

Falastin Sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullari yaradorlar va bemorlarni kasalxonadan olib ketayotgan tez yordam mashinalari karvoni xavfsizligini talab qilgan.

Ta’kidlanishicha, shu kuni “Al-Quds” kasalxonasiga qarata ikki bor hujum chog‘ida kamida 21 kishi jarohatlangan, Indoneziya shifoxonasi yaqinida ham  hujum sodir etilgan.

– Sog‘liqni saqlash sohasiga, jumladan shifoxonaga hujum, dori-darmon, yonilg‘i, suv kabi zarur yordam yetkazib berilishini cheklash xalqaro gumanitar huquq buzilishi hisoblanadi, – deya xulosa qilingan hisobotda. – JSST zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirib, barcha tibbiyot xodimlari, bemorlar, tibbiy transport vositalari va muassasalarini himoya qilish lozimligini ta’kidlaydi.