Bugungi kunda xalqaro munosabatlar davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Ma’lumki, O‘zbekiston va Xitoy munosabati qadim tarixga ega. Har ikki xalq uzoq o‘tmishga borib taqaladigan boy tarixiy merosga ega.

Buyuk Ipak yo‘li kabi savdo yo‘llari azaldan mintaqalarni birlashtirib turgan. Bu yo‘l tinchlik, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi hamkorlik, ochiqlik ramzidir. Shundan buyon O‘zbekiston va Xitoy do‘stlik, madaniy boylik bilan bo‘lishib kelyapti.

Bu ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabat 1992 yil, XXR mustaqilligimizni tan olgan paytda o‘rnatilgan. O‘shandan buyon hamkorlik rivojlanmoqda. Ayni jarayonda turli kelishuvlar, xususan 2012 yil  imzolangan O‘zbekiston va Xitoy  strategik hamkorligi to‘g‘risidagi Bitim muhim o‘rin egallaydi.

Xitoy O‘zbekistonning muhim  savdo  sherigi hisoblanadi. Har ikki mamlakat savdo va investitsiya sohasida juda faol. Loyihalar “Ipak yo‘li iqtisodiy makoni”, “Bir makon, bir yo‘l” doirasida temir yo‘l, energetika va boshqa infratuzilma ob’ektlari qurilishini nazarda tutadi. Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi bo‘lib qolmoqda – o‘zaro savdo miqdori 8,3 milliard dollarga teng.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan strategik sheriklikni rivojlantirish dasturi qabul qilingan. Mamlakatlarimiz aro 2000 yillar oldin shakllangan hamkorlik yo‘llari tovar, madaniyat va bilim almashinuvini ta’minlab kelmoqda. Qadimda Sixan, Tan, Min kabi mashhur sulolalar O‘zbekiston hududi bilan izchil aloqa qilgan.

O‘rta asrlar imperiyalar bir-biri bilan munosabat o‘rnatganini tarix tasdiqlaydi. Xitoy Eron va Vizantiyaga olib boruvchi asosiy savdo yo‘llarini nazorat qilgan qudratli Eftalit davlati bilan diplomatik aloqani faol rivojlantirgan. Min sulolasi davrida Sohibqiron Amir Temur Xitoy bilan yaqin savdo-iqtisodiy munosabatni saqlab, o‘z kuch-qudratini kengaytirgan.

Turli xil madaniy va tarixiy an’analarga qaramay, bu ikki xalqning mavjud o‘xshash va umumiy an’analari sheriklikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Masalan, Xitoyda  mehmon kutish “chali” – choy odobi, muhim masalalar muhokama qilinadigan rasmiy uchrashuv “chaxuey” – choy yig‘ilishi deb atalgan. V asrda Xitoyda choy juda ommalashib, sepning  asosiy qismiga aylandi. Kuyovning kelinga choy yuborish marosimi “syacha”,  kelin tomonidan bu qimmatbaho sovg‘a qabul qilinishi “shoucha” deyilgan.

O‘zbeklar choy ichishini an’ana, deb bo‘lmaydi. Bu Sharqda har bir kishi hayotining ajralmas qismidir. Choy ichish marosimi o‘zbek madaniyatida muhim rol o‘ynaydi, har bir o‘zbek mehmonni choy bilan iliq kutib oladi. Xonadon egasi mehmonga uzatishdan oldin, issiq choyi uch marta qaytaradi va keyin uzatadi. Bir qarashda g‘alati tuyuladigan bu urf, birinchidan, choy yanada mazali bo‘lishida muhim ahamiyatga ega, ikkinchidan uy egasi va mehmon orasidagi chuqur hurmat, sof munosabat ramzi ham hisoblanadi.

Ta’lim sohasidagi hamkorligimizni alohida qayd etish joiz.

Keyingi paytda juda ko‘p o‘zbek yoshlari xitoy tilini o‘rganishga qiziqish bildirmoqda va xitoyliklar ham o‘zbek tilini o‘rganmoqda. Bu bilim va madaniy aloqa almashinuviga xizmat qilyapti. Masalan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Samarqand davlat chet tillari instituti huzurida tashkil etilgan Konfutsiy nomli institut xitoy tili va madaniyati markaziga aylandi.

Ayni dam Xitoyda o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish ham yuqori. Markaziy millatlar, Pekin xorijiy tillar, Shanxay xalqaro tadqiqot universitetlarida tilimiz muvaffaqiyatli o‘qitilyapti. Yana bir nufuzli ta’lim muassasasida esa o‘zbek tili kafedrasi faoliyat yuritmoqda. Ayni qiziqish yurtimizda tahsil olayotgan xitoylik talabalar soni ortishida ham  namoyon bo‘lmoqda.

Biz savdo va investitsiya, innovatsiya va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirmoqchimiz. Binobarin, ushbu jarayonda mintaqaviy  raqobat, suverenitetni saqlab qolish, infratuzilmaviy murakkablik va manfaatni muvozanatga solish kabi chaqiriqlar yuzaga chiqishi tabiiy. Hamkorlikda muvaffaqiyatga erishish uchun har ikki tomondan puxta rejalashtirish, diplomatik sa’y-harakat olib borish talab etiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi turli madaniyat, til an’analari xalqaro munosabat rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligining jonli namunasidir.

Abduaziz Xidirov, O‘zA