Prezidentimizning 2021 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan amaliy harakatlar rejalari tasdiqlangan.

Oliy Majlis Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha komissiyasining navbatdagi majlisida Koreya Respublikasi bilan oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan “yo‘l xarita”lari ijrosi muhokama qilindi.

Senat Raisi, komissiya raisi T.Norboyeva boshqargan majlisda Koreya Respublikasi bilan oliy darajada erishilgan aniq kelishuvlar doirasida qator ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Joriy yilda Jizzax viloyatida 7 million dollarlik “Optik tola ishlab chiqarishni kengaytirish” loyihasi ishga tushirildi. Natijada yiliga 85 ming kilometrlik optik tolali kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi.

Farg‘ona viloyatida esa 7 million dollarlik “Kasbiy ta’lim markazi” to‘liq ishga tushirildi. Manzilli ro‘yxat asosida 223 nafar ishsiz bo‘lgan shaxslar, asosan yoshlar va xotin-qizlar o‘qitilmoqda. Xuddi shu kabi loyiha Xorazm viloyatida ham boshlangan.

Koreya Respublikasi hukumati tomonidan “Hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasiga 74 million dollar ajratilishi ma’qullandi. Loyiha doirasida 35 turdagi jami 8 ming 455 tibbiy jihoz Koreya Respublikasidan keltirilishi rejalashtirilmoqda.

Qolaversa, Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5,6 million dollarlik “Yashil tiklanish” investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Yashil o‘sish global institutining (Koreya) O‘zbekistondagi vakolatxonasi ochildi. Institut Orolbo‘yi mintaqasining yashil tiklanishini moliyalashtirish ishlarini boshladi.

Umuman olganda, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik barqaror rivojlanib bormoqda.

Tadbir davomida “yo‘l xaritalari”dagi kechikish bilan bajarilayotgan ayrim vazifalarga e’tibor qaratildi va sabablari tahlil qilindi. Xususan, “yo‘l xaritalari” ijrosiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan vazirlik va idoralar rahbarlarining mas’uliyatini oshirish, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar berildi va muddatlar belgilandi.

N.Abduraimova, O‘zA