Oliy Majlis Senati tomonidan xalq deputatlari mahalliy kengashlari bilan muntazam ravishda o‘quv seminarlari, uchrashuvlar o‘tkazilib, unda amalga oshirilayotgan ishlar sarhisobi hamda kelgusidagi vazifalar muhokama qilinadi.

Navbatdagi uchrashuv hududlardagi senatorlar, mahalliy kengashlarning doimiy komissiyalari raislari hamda kotibiyat mudirlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Onlayn shaklda o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda Senat Raisi Tanzila Norboyeva joylarda qonun ustuvorligini ta’minlash, hududlar manfaatiga doir muhim qarorlar qabul qilish, nazorat vositalaridan samarali foydalanish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Mahalliy kengashlar tomonidan nazorat-tahlil tadbirlarini kuchaytirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan dasturlar, “Tashabbusli byudjet”da g‘olib bo‘lgan loyihalar ijrosini o‘rganish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Bu borada deputatlar joylardagi aholi muammolarini hal etishda tashabbus ko‘rsatishi, muammolar yechimini qabul qilinadigan qarorlarda aks ettirib, ularning ijrosi ustidan qat’iy deputatlik nazoratini amalga oshirishi zarur.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mahalliy kengashlarni xalqning chinakam “ovoziga” aylantirish va ularning faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish borasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalari ham muhokama etildi.

Mahalliy vakillik organlari faoliyatiga doir qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish, mahalliy kengashlarning o‘ziga xos bo‘lmagan funksiyalarini bekor qilish, faoliyatni raqamlashtirish masalalari bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Qayd etish lozimki, joriy yil 22 sentyabrda mahalliy kengashlar faoliyatini zamon talablariga mos tashkil etish va ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Oliy Majlis Senatida Hududiy vakillik organlarini o‘rganish markazi tashkil etildi.

Mazkur markazning tashkil etilishi mahalliy kengashlarga huquqiy, uslubiy, axborot-tahliliy jihatdan ko‘maklashish orqali ularning faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Bu borada markazning mahalliy kengashlar bilan o‘zaro samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasidagi asosiy vazifalari belgilangan.

Tadbirda mahalliy kengashlar deputatlari ham aholi bilan muntazam muloqot qilishda, islohotlarning joylarda muvaffaqiyatli borishini ta’minlashda vakillik organlarining roli va vazifalari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

N.Abduraimova, O‘zA