Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumani “Shaxtemir” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Yoshlar markazi binosi foydalanishga topshirildi. Tumanda jami 114 ming 344 nafar aholi bo‘lib, shundan 59 ming 241 nafarini yoshlar tashkil etadi. Mazkur markazni bunyod etishga 2,3 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. Markazda yoshlar uchun turli to‘garaklar faoliyat yuritadi. Shuningdek, kutubxona va kompyuter xonasi, 72 o‘rinli majlislar zali zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan.

Markaz binosining ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.

* * *  

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etilganligining 100 yilligiga bag‘ishlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, shahar, tuman, tumanlararo sudlari, Ma’muriy sud sudyalari va xodimlari o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi. Murosasiz o‘tgan bahslarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi U.Sabirov birinchi, jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tuman sudining arxivariusi K.Jumamuratov ikkinchi, jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudining devonxona mudiri M.Xojambergenov uchinchi o‘rinni egalladi.

 

G‘oliblar Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari kasaba uyushmasi tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

* * *  

Mamlakatimiz bo‘ylab davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasiga sportchilar va ularning murabbiylari ham o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Nukus Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida “Sportchilar bog‘i” barpo etildi.

– Biz ta’lim olgan yillarda o‘quv yurti atrofi ko‘kalamzor emasdi, – deydi Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlari oltin medali sohibi Jalgasbay Berdimuratov. – Yangidan barpo etilayotgan “Sportchilar bog‘i” yoshlarimizni yangi marralarga chorlaydi.

Tadbirda ishtirok etgan sportchilar yaxshi niyatlar bilan ko‘chatlar o‘tqazdi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri