Turmush va adabiyot yuki, tashvishini birgalikda tortib kelgan insonlar haqida gap ketganda, shubhasiz, ko‘z o‘ngimizda birinchilardan bo‘lib qoraqalpoq adabiyotining yorqin namoyondalari Uzaqbay Pirjanov va Shiyrin Xalmuratovalar ham keladi.

Har ikki adib – shoir va shoiraning ijodi bilan tanishar ekansiz, ularning ildizi teranligiga, qoraqalpoq xalq og‘zaki merosidan suv ichganiga amin bo‘lasiz.

Orol dengizi mavjlari, to‘lqinlari xotiraga aylanib borayotgan kezlar Shiyrin Xalmuratova “Bulbul sasi tongda meni uyg‘otar” deya yozgan edi. Vatan, kindik qoni tomgan yerga cheksiz muhabbati bo‘lgan insonninggina qalbida bunday samimiy hislar yashaydiyu

Shiyrin opaning umr yo‘ldoshi Uzaqbay Pirjanovning qissa va hikoyalari, she’rlarida ham qoraqalpoq elining orzu-o‘ylari, qalb haroratini his qilib turasiz.

Yaqinda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida Uzaqbay Pirjanovning “Xazonrezgi” nomli kitobi “Adib va jamiyat” ruknida nashrdan chiqdi.

Kitobdan Uzaqbay og‘aning “Surat”, “Oqtol ostidagi oqshom” qissalari, “So‘zi tilla shoir”, “Bo‘zto‘rg‘ay”, “Yaxshilar so‘zi” kabi badialari, she’rlari va adib asarlariga bag‘ishlangan adabiy tadqiqotlar o‘rin olgan.

“Hayot va ijod o‘zga-o‘zga qutblarda shakllanmaydi, qanday hayot kechirsang, shunday yozasan. Maddohning aytgan haq so‘zidan ham jirkanch nafas ufurib turadi” deb yozgan adib asarlarini mutolaasiga kirishishdan oldin bir lahza taraddudlanib qolish tabiiy.

Taniqli yozuvchi Shoyim Bo‘tayevning keng va batafsil so‘zboshisi esa Uzaqbay Pirjanov ijodiga kirish uchun o‘ziga xos kalit vazifasini o‘taydi.

O‘zA