Xabar berilganidek, 28 oktyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Senatning qirq oltinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotda sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va aholi salomatligini saqlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, «Insonning sha’ni va qadr-qimmati uchun» tamoyili asosida aholi salomatligini ta’minlash maqsadida kontrafakt va sifatsiz tovarlarni ishlab chiqarish hamda ularning muomalaga kiritilishiga barham berish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Ushbu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarganlik, saqlaganlik, tashiganlik, o‘tkazganlik, ishlar bajarganlik yoki xizmatlar ko‘rsatganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga, etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilashga taalluqli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi sanitariya to‘g‘risidagi qonunchilikni va veterinariya qoidalarini buzganlik, o‘zganing tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishiga, shuningdek, hayvonlarning yuqumli kasalliklari o‘choqlari aniqlanganda karantin qoidalarini, veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarning xavfsizligi normalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishiga qaratilgan o‘zgartirishlar bilan to‘ldirildi.

Bundan tashqari, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga ham bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, shaxsning muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanishi uchun sudning taqiqi mavjud bo‘lganda litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berishni rad etish uchun asoslar kengaytirilmoqda.

Litsenziyani va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni bekor qilish yoki xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatni (harakatlarni) sud tomonidan tugatish uchun asos bo‘ladigan bir martalik qo‘pol qoidabuzarlik aniqlashtirilmoqda.

Qolaversa, vakolatli organlarga litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish talablari hamda shartlariga rioya etilishiga oid tekshiruvlarni Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilgan holda, qonunchilikda belgilangan tartibda o‘tkazish huquqi berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarni himoya qilish maqsadida Fuqarolik kodeksiga geografik ko‘rsatkichlar ham intellektual mulk ob’ektlari hisoblanishi to‘g‘risidagi norma qo‘shilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashga, ishlab chiqaruvchilarning manfaatlarini, iste’molchilarning huquqlarini hamda intellektual mulkni ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun ajratiladigan yer uchastkalarining o‘lchamini oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun bilan “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga hamda Yer kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, qonunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorva ozuqasi ekinlarini yetishtirish maqsadida dehqon xo‘jaligini yuritish uchun 0,06 gektardan 5 gektargacha yer ajratib berilishi belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan ushbu qonun muhokamasi jarayonida Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga va mazkur sohada mahsulot ishlab chiqarishning barqaror o‘sishini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, yalpi majlisda “Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi  qonun muhokama qilindi.

Mazkur hujjat “Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, qo‘riqlash faoliyati sohasiga tegishli ayrim qonun hujjatlarini muvofiqlashtirish maqsadida Milliy gvardiya tomonidan ishlab chiqilgan.

Ta’kidlanganidek, Senatning yigirma beshinchi yalpi majlisida “Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni senatorlar tomonidan ma’qullanib, 2022 yil iyun oyida davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan edi.

“Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunidan kelib chiqqan holda “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunlarda va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda aks etgan “harbiylashtirilgan soqchilik” tushunchasi “harbiylashtirilgan qo‘riqlash” tushunchasi bilan o‘zgartirilmoqda.

Senatorlar muhokama jarayonida ushbu qonunning qo‘riqlash faoliyati sohasidagi tushunchalarning aniq va bir xil qo‘llanilishiga xizmat qilishini aytib o‘tdilar.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi Bitimni (Anqara, 2023 yil 16 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasining Turkiy investitsiya jamg‘armasidagi ulushini Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi Bitimda (Anqara, 2023 yil 16 mart) nazarda tutilgan muddatlarda shakllantirish, shu jumladan, uning boshlang‘ich kapitalidagi 2000 ta aksiyaga obuna bo‘lish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish manbai ekanligi belgilanmoqda.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi Bitimning bajarilishi uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilanib, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli mablag‘larni o‘tkazish bo‘yicha buyurtmanomalar taqdim etib boradi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi Bitim bo‘yicha depozitariy funksiyasini bajaradi.

Turkiy investitsiya jamg‘armasi doirasida hamkor davlatlar, jumladan, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya bilan investitsiyaviy loyihalarni, xususan, elektrotexnika, yengil sanoat, avtosanoat, charm sanoati, qurilish materiallari sohalarida qo‘shma sanoat kooperatsiyasi kabi loyihalarni birgalikda amalga oshirishga xizmat qiladi.

Jamg‘armaning mablag‘lari mintaqalararo savdo, qo‘shma loyihalar, yashil iqtisodiyot, axborot texnologiyalari, transport, logistika va boshqa sohalarni rivojlantirishga qaratiladi.

Senatorlar Bitimni ratifikatsiya qilish O‘zbekistonga yangi muhim moliyaviy mexanizmning teng huquqli ishtirokchisiga aylanish imkonini berishini, undan esa o‘zaro savdo aylanmasi hajmini oshirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida investitsiya loyihalarini ilgari surish, shuningdek, turkiy davlatlar bilan infratuzilma va transport-logistika aloqalarini rivojlantirish uchun foydalanilishini ta’kidladilar.

Senatorlar qonunni ma’qulladilar.

Shu bilan birga, Senatning qirq oltinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakilini (Bolalar ombudsmanini) saylash to‘g‘risidagi masalasi ko‘rib chiqildi.

Senat tomonidan Raxmonova Surayyo Maxmudovnani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) lavozimiga saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, S.Raxmonova uzoq yillar mobaynida yuridik oliy ta’lim tashkilotlarida, shuningdek, sud va prokuratura organlari tizimida samarali foliyat ko‘rsatib kelgan. 1-darajali adliya maslahatchisi, yuridik fanlar doktori, professor.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Majlisda senatorlar tomonidan jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 12 ta masala, shu jumladan, 10 ta qonun muhokama qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq oltinchi yalpi majlisi yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

  Oliy Majlisi Senati  

Axborot xizmati