Turkiya va O‘zbekistonni o‘xshash til, an’ana va udumlar, yagona din, azaliy do‘stlik va uyg‘un madaniy aloqa bog‘lab turadi. Ikki xalq tamadduni geosiyosiy joylashuv va tarixiy taraqqiyotdan tortib, hozirgi rivojlanish bosqichida kechayotgan islohotlar o‘ziga xosligigacha bo‘lgan ko‘plab umumiy jihatga ega.

Qardosh xalq – Turkiya Osiyo va Yevropa qit’alarini tutashtirgan yagona davlat sifatida butun dunyoga o‘zini namoyon etyapti. Mamlakatda yuz berayotgan voqea-hodisalar jahon hamjamiyatining doimiy diqqat-e’tiborida. BMT, YeI kabi yirik xalqaro tuzilmalar ushbu davlat siyosiy qarashini aks ettiruvchi har qanday masalani qo‘llab-quvvatlamoqda. Iqtisodiy barqarorlik tamoyili ko‘plab mintaqalar faoliyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazmoqda.

O‘zbekiston va Turkiyaning tarixi, buguni va ertasi yaqin hamkorlik, do‘stona munosabat shiddatli rivojlanishi sur’atida aks etadi. Mamlakatlarimiz hukumatlararo sermazmun loyihalarni muvofiqlashtirayotgani, xalqlarimiz manfaati yo‘lida qarorlar qabul qilinayotgani har birimizni quvontiradi.

Keling, gapni umumiy tarix bilan bog‘langan o‘zbeklar va turklar qondosh ekanligidan boshlaylik. Bugungi turklarning ajdodlari zamonaviy Turkiya hududiga Movarounnahr zaminidan kirib kelgan. Shu bois O‘zbekiston Turkiyada ajdodlar zamini hisoblanadi va “ota yurt”, deya ulug‘lanadi.

Bugun turk diyorida katta bayram – Respublikaning yuz yilligi tantanalari boshlandi. Istanbul, Anqara va Izmir shaharlarida maxsus tadbirlar tashkil etilgan. Tashkil topganidan to bugunga qadar shakllangan asriy tarix yubileyiga mamlakat munosib tantana bilan, hamjihat yetib keldi, deyish mumkin.

Turli nuqtalarda o‘rnatilgan ulkan monitorlarda eng zamonaviy texnologiyadan foydalanilgan holda raqamli ko‘rgazmalar, uch o‘lchovli – 3D formatdagi taqdimot orqali aks ettirilgan yuz yillik natija fuqarolar ko‘ngliga o‘zgacha g‘urur bag‘ishlaydi.

Rang-barang madaniy-ma’rifiy tadbirlar, o‘yin-kulgi, sport musobaqalari qizg‘in tus olgan. Ko‘rgazma maydoniga kiraverishda Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anning “Orzularim bor edi…” maqolasini o‘qish mumkin.

– Davlat boshqaruvi jarayonidagi vazifalarimizni bajarish davomida mamlakatimizni shunday tarixiy merosga munosib darajaga yetkazish uchun kurashdik, – deyiladi yetakchi maqolasida. – O‘tmishdan bugungacha qurgan ko‘priklarimiz bilan Turkiyani har sohada dunyoning eng ilg‘or davlatlari qatoriga ko‘tarishga ahd qildik. Ayniqsa, mudofaa sanoatini o‘zimizni ta’minlay olish darajasiga yetkazish uchun ko‘p mehnat qildik.

Tomoshabinlar ekranda “Turk millatining yuqori texnologiyali tizimlarini ishlab chiqarish va foydalanish qobiliyatini muvaffaqiyat bilan dunyoga namoyish qildik” degan e’tirofni o‘qishi mumkin. Davlat rahbari maqolasidagi fikrlar xorijiy mehmonlarni ham qiziqtiryapti.

Bayram munosabati bilan tashkil etilgan ko‘rgazmadagi raqamli ekranlarda “Tinchlik asri”, “Transport asri”, “Ta’lim asri”, “Ishlab chiqarish asri”, “Kuch asri”, “Mudofaa asri”, “Ilm-fan asri”, “Salomatlik asri”, “Energetika asri”, “Mehr-oqibat asri” va “O‘tmishdan bugunimizga” mavzulariga qaratilgan ko‘rsatuvlar namoyish qilinmoqda.

Turkiya ulkan shodiyona bo‘sag‘asida: tadbirlar davom etadi.

O‘zAni kuzatib boring…

O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.