Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh prokurorlari kengashining “Xalqaro huquqiy yordam ko‘rsatishning huquqiy asoslari: muammolar va davlatlar tajribasi” mavzusiga bag‘ishlangan 2-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya davlatlari Bosh prokurorlari, Turkiy davlatlar tashkilotining kotibiyati hamda Xalqaro prokurorlar assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilish doirasida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an va tashkilotga a’zo davlatlar Bosh prokurorlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida Turkiya davlat rahbari yig‘ilish ishtirokchilariga tashkilot doirasida o‘zaro hamkorlikni faol qo‘llab-quvvatlab kelishayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Tashkilotga a’zo davlatlar bosh prokuraturalari rahbarlarining o‘zaro huquqiy hamkorligi uyushgan jinoyatchilikning bir qator turlariga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Aytib o‘tish kerakki, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh prokurorlari kengashining yig‘ilishi davomida ishtirokchilar jinoiy ishlar bo‘yicha xalqaro-huquqiy hamkorlik sohasida tajriba almashdi.

O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining jinoiy odil sudlov sohasida xalqaro hamkorlik” mavzusida nutq so‘zladi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh prokurorlari kengashi 2-yig‘ilishining deklaratsiyasi qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA