AOKAda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizda OITSga qarshi kurashish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot taqdim etildi.

Ta’kidlanishicha, OITS bilan kasallangan bemorning qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishiga erishilsa, u bemor yuqtiruvchi hisoblanmaydi. Ya’ni, bemor kasallikni boshqalarga yuqtirmaydi.

– Bu maqsadlarga erishish uchun respublikamizda 173 mingdan ortiq aholi o‘rtasida ekspress testlar o‘tkazildi. Shuningdek, 129 mingta ekspress testlar respublikamizning barcha tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalariga yetkazildi, – dedi M.Saidova. – Davlat byudjeti hamda OITS, bezgak va silga qarshi kurash bo‘yicha Global jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qariyb 7 million AQSH dollari miqdorida retrovirusga qarshi dori vositalari xarid qilinib, 40 mingdan ortiq bemor virusga qarshi terapiya bilan qamrab olindi.

Respublika OITSga qarshi kurash markazi hamda FHDYO organlari axborot tizimi integratsiya qilindi. Ushbu tizim orqali nikohlanuvchilarning OIVga tibbiy tekshiruv jarayoni qulay va sodda holatga olib kelindi. OIV bo‘yicha Elektron axborot tizimi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining elektron bazasi bilan integratsiya qilinib, hozirgi kunda OIV infeksiyasi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nafaqa avtomatik tarzda belgilanib, ularning nafaqa olishida yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarga chek qo‘yildi.

Homilador ayollarni infeksiyaga tekshirishlar 100 foiz qamrab olinmoqda. OIV aniqlangan holatda, homilador dispanser hisobiga olinib, retrovirusga qarshi dori vositalari beriladi. Homiladorlik davridagi immunologik ko‘rsatkichlar va virus yuklamasi laboratoriyada tekshirib borilib, tug‘uruq kesarcha kesish usulida amalga oshiriladi. Tug‘ilgan bolaga profilaktika maqsadida retrovirusga qarshi dori vositalari beriladi.

Bundan tashqari, OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan 700 dan ortiq bola olti oylik bo‘lguncha quruq sut aralashmalari bilan ta’minlanmoqda. Asosiy maqsadimiz, olti oylikkacha bo‘lgan go‘daklarni sun’iy quruq sut aralashmalari bilan ta’minlash orqali infeksiyaning onadan bolaga yuqishini bartaraf etishga erishishdir, – dedi M.Saidova.

Mohigul Qosimova, O‘zA