Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 2023-2024 yillarda 50 nafar jurnalist va tahririyat xodimlari xorij mamlakatlariga tajriba almashish, stajirovka o‘tash uchun yuborilishi belgilangan.

O‘zbekistonda milliy jurnalistikaning rivojlanishi bo‘yicha O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining I milliy ma’ruzasida ham 2023-2024 yillarda uyushmaning 60 ga yaqin a’zosi xorijiy davlatlar OAVlarida malaka oshirishi va nufuzli media tadbirlarda ishtirok etishi ta’minlanishi qayd etilgan.

Ushbu hujjatlar ijrosini ta’minlash hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Umumxitoy Jurnalistlar assotsiatsiyasi o‘rtasida joriy yil 15 iyunda tuzilgan hamkorlik kelishuvi ijrosi doirasida yosh jurnalistlarimiz ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi.

Ular 11-25 oktyabr kunlari mazkur mamlakatda o‘tkaziladigan o‘quv-seminar mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda. Shuningdek, “Sinxua” axborot agentligi, “China Media Group”, “China Daily” va boshqa ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan yaqindan tanishadi.

– Bugungi kunda nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda ommaviy axborot vositalari vakillariga e’tibor har qachongidan ortdi. Bu, albatta, katta imkoniyat. Men O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xodimi sifatida shu yilning o‘tgan davrida bir nechta davlatda o‘tkazilgan yirik anjuman, konferensiyalarda ishtirok etdim, – dedi Uyushma a’zosi Behruz Xudoyberdiyev safar oldidan bergan intervyusida. – Mana, navbatdagi manzil – Xitoy tomon otlanyapmiz. Ushbu mamlakatda o‘tkaziladigan ikki haftalik o‘quv-seminar biz, yosh jurnalistlar uchun kasbiy tajribamizni oshirishga qaratilgan dasturlarga boy bo‘lishiga aminmanBugun Yangi O‘zbekiston jurnalistika sohasida ham dunyo mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish yo‘lidan bormoqda. Yangi O‘zbekiston yoshlari dunyoga chiqmoqda.

– Uyushmamiz tomonidan OAV vakillarining xorijda tajriba almashishini ta’minlashga qaratilgan bunday tadbirlar davom ettirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov. – Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya va Ozarbayjon davlatlari jurnalistlar uyushmalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolash bo‘yicha muzokaralar ham olib bormoqdamiz.

Mohigul Qosimova, O‘zA