Bugungi kunda respublikamizda dori vositalarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar soni 82 tani tashkil etib, ularning 40 tasida, jami 147 ta ishlab chiqarish liniyalarida “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP” “O‘zbekiston Respublikasi Davlat standarti talablari joriy qilingan.

Farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji sotish bilan shug‘ullanuvchi 600 ga yaqin mahalliy korxonalar mavjud bo‘lib, ularning 117 tasida “Zarur distribyutorlik amaliyoti – GDP” O‘zbekiston Respublikasi Davlat standarti talablari joriy qilingan. Klinik oldi tadqiqotlar o‘tkazuvchi laboratoriyalar soni 6 tani tashkil etib, ulardan 1 tasida “Zarur laboratoriya amaliyoti – GLP” sertifikati mavjud.

Mazkur ma’lumotlar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara To‘laganova tomonidan taqdim etildi.

Ta’kidlanishicha, farmatsevtika tarmog‘i va respublika sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlar 2022 yil 1 yanvarga qadar tegishliligi bo‘yicha GxP talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi lozimligi belgilangan. Keyinchalik bu muddat 2024 yil 1 yanvarga qadar uzaytirilgan.

Qonunchilikka ko‘ra, 1 fevraldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlarining 75 foizi ular ro‘yxatdan o‘tkazilganini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan so‘ng Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasidan qoplab berilishi belgilangan. Shuningdek, 2023 yil 1 yanvardan farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha davlat xarid tanlovlarida faqatgina “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)” standartlari asosida dori vositalarini, “ISO:13485″ standartlari asosida tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani ishlab chiqarishni tashkil etgan tashkilotlar va “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” standartlarini joriy etgan ulgurji savdo tashkilotlari qatnashishiga ruxsat berilishi aytilgan.

Klinik tadqiqotlar o‘tkazuvchi klinik bazalar soni 88 ta, farmatsevtika mahsulotlarini chakana realizatsiya qiluvchi dorixonalar soni 16 mingga yaqin bo‘lib, ularning birortasi ham “Zarur klinika amaliyoti – GCP” va “Zarur dorixona amaliyoti – GPP” sertifikatlarini olmagan.

Bundan ko‘rinib turibdiki, farmatsevtika tarmog‘i va respublika sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlarning aksariyati tegishliligi bo‘yicha GxP talablarini o‘z ish faoliyatida joriy qilmagan.

– Agentligimizda GxP talablarini joriy etish bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqishga, yuzaga kelayotgan savol va muammolarni hal etishga ko‘maklashish maqsadida doimiy faoliyat yurituvchi Ishchi guruh tuzilgan, – dedi S.To‘laganova. – Ular bilan +99871 203-81-81 hamda ichki 153, 156,157 va 192 raqamlari orqali bog‘lanish mumkin.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA