Yurtimizda yangicha fikrlaydigan, bugungi zamon talablari asosida yoshlarga ta’lim-tarbiya beradigan o‘qituvchi va pedagoglarni yetishtirish va qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ma’muriy islohotlar natijasida maktabgacha, xalq va ixtisoslashgan ta’lim yagona maktabgacha va maktab ta’limi tizimiga birlashdi. Hozirgi kunda tizimda 10 mingdan ortiq maktab, 30 mingdan ortiq bog‘chalarda 8,5 millionga yaqin tarbiyalanuvchi va o‘quvchiga salkam 700 ming nafar pedagog ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Vazirlikning markaziy apparati, hududiy boshqarma va bo‘limlarning tuzilmalari o‘zgartirilib, maktabgacha va maktab ta’limi tizimining vertikal boshqaruvi takomillashtirildi.

Bugungi kunda tizimda 30 ming 792 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 10 ming 160 ta umumta’lim maktabi, 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi, 182 ta ixtisoslashtirilgan maktab mavjud.

Bu haqda 11 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan “Hukumat soati”da qayd etildi. Unda deputatlar “Umumiy o‘rta ta’limni yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim sifatini oshirish va ta’lim dasturlarini takomillashtirish borasidagi vazifalardan kelib chiqib, sohadagi boshqaruv tizimini tashkil etishga qaratilgan qonunchilikning bajarilishi holati to‘g‘risida”gi masalani muhokama qildi. Kun tartibidagi masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari U.Sharifxo‘jayev deputatlarning savollariga javob berdi.

— Ta’lim tizimini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha shu yil 26 may kuni qabul qilingan “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni muhim huquqiy asos bo‘lmoqda, — dedi vazir o‘rinbosari. — O‘tgan davrda mazkur farmonda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha vazirligimiz tomonidan muayyan ishlar qilindi. Xususan, hududlarda 154 nafar malakali direktorlardan iborat Direktorlar kengashi tashkil etildi. Direktor lavozimiga nomzodlarni tanlab olish va ularni o‘qitish bo‘yicha A.Avloniy nomidagi milliy tadqiqot institutida tajriba-sinovdan o‘tkazilmoqda. Maktab direktori lavozimiga nomzodlarni tanlash jarayoni esa “O‘qituvchilarning milliy kadrlar zaxirasi” maxsus elektron portali orqali amalga oshirilyapti.

Joriy yil sentyabrdan boshlab 8 mingga yaqin stajyor o‘qituvchilar ishga qabul qilindi. Ular bir yil davomida ishlab, tajriba orttirganidan keyin talabga javob bersa, doimiy ishga qabul qilinadi. Bu yosh pedagoglarning o‘z ustida ishlash bo‘yicha mas’uliyatini oshiradi.

“Hukumat soati”da xalq vakillari sohada olib borilayotgan ishlarni e’tirof etib, qator savollarni o‘rtaga tashladi. Xususan, ta’lim tashkilotlarida kadrlarning kasbiy tayyorgarligi sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish borasidagi ishlar bilan qiziqdilar.

Vazirning birinchi o‘rinbosari o‘z javobida 2023 yilda reja bo‘yicha 512 ming 809 nafar o‘qituvchi malakasini oshirish belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar 309 ming nafar o‘qituvchining malakasi oshirilganini ta’kidladi. Prezident maktablari tajribasi asosida matematika va ingliz tili fani o‘qituvchilari uchun 3 bosqichli kaskad usulida seminar-treninglar tashkil etilib, hozirgi kunga qadar 16 ming 21 nafar matematika fani, 17 ming 477 nafar ingliz tili fani o‘qituvchilari o‘qitilgan. Yil yakuniga qadar esa barcha o‘qituvchilarning malakasi oshiriladi.

Shuningdek, deputatlar sohadagi mavjud muammolar yuzasidan fikrlarini bildirdi. Xususan, bugungi kunda fuqarolar tomonidan maktab darsliklari borasida e’tirozlar bo‘layotgani, ularni ishlab chiqishda tajribaga ega, o‘z yo‘nalishining haqiqiy fidoyisi bo‘lgan olimlarni jalb qilish, taniqli yozuvchi va shoirlarning ijod mahsullaridan ko‘proq foydalanish zarurligi qayd etildi.

Bundan tashqari, rus tili va boshqa tillardagi pedagog kadrlar yetishmasligi, buning oldini olish uchun zarur choralar ko‘rish lozimligi qayd etildi.

Muhtarama Komilova, 
Murodxon Xo‘jayev (surat), O‘zA